Sirdaryodagi 1500 MVt quvvatli IES uchun Yaponiyadan yangi rotor olib kelindi

    “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Sirdaryo viloyatida foydalanishga topshirilgan quvvati 1500 MVt.li issiqlik elektr stansiyasining 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi kuzatildi.

    Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, stansiya ishini tezkor tiklash maqsadida Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasida yangi rotor qisqa muddatda tayyorlanib, maxsus reys bilan 8-dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelindi.

    Ogʻirligi 114 tonna boʻlgan mazkur qurilma aeroportdan toʻgʻridan-toʻgʻri elektr stansiyasi maydoniga yetkazildi.

    Barcha jarayonlar tegishli vazirlik va idoralar, investor, pudratchi va texnologik hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirildi. Yangi rotorni oʻrnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy vaqt talab qiladi.

    Bu quvvatlarni qoplash maqsadida qoʻshimcha zaxiradagi va yangi ishga tushirilyotgan bloklardan foydalanilyapti.

    Vazirlikning maʼlum qilishicha, hozirgi bulutli (kam quyoshli) va qisqa kunlar hisobidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish kamaygan.

    Shu sababli, ishlab chiqarish va isteʼmol balansini tartibga solish, ularning muvozanatini saqlash maqsadida ayrim hududlarning elektr taʼminotida asosan isteʼmol ortgan pallalarda (17:00-21:00 lar oraligʻida) qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin. Agar bunga zarurat tugʻilsa, isteʼmolchilar oldindan xabardor qilinadi. Bunday choralar elektr taʼminoti barqarorligi va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan.

    Yangi rotor gaz turbinasiga oʻrnatilgach, stansiyaning ishlab chiqarish quvvati tiklanadi va elektr taʼminotida vaqtincha koʻrilayotgan choralarlarning oldi olinadi.

    Keltirilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻraymiz.