Sirdaryodagi portlashdan Prezident xabar topdi — Sherzod Asadov

    Voqea-hodisalar 24 Oktabr 2022 2253

    Sirdaryo viloyatidagi harbiy qurol-yarogʻ saqlanadigan omborlardan biridagi portlash haqida davlat rahbariga zudlik bilan xabar berilgan.

    Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Sirdaryo viloyatidagi harbiy qurol-yarogʻ saqlanadigan omborlardan biridagi portlash haqida maʼlumot berib oʻtdi.

    «Bunday texnogen xarakterdagi hodisalar haqida prezidentga zudlik bilan xabar beriladi. Ushbu vaziyatda ham davlat rahbariga tezlikda axborot berildi va Prezidentimiz tomonidan tegishli tashkilot hamda idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh hodisa joyiga yuborildi.

    Ishchi guruh darhol talofotlar tahlili bilan shugʻullandi. Bundan tashqari, Bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov hamda viloyat hokimi boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, talofotlar oqibatini tezda bartaraf etish boʻyicha ish boshlandi», dedi Sherzod Asadov.

    Shuningdek, Asadov yakka portlash iborasiga aniqlik kiritib ketgan. Yakka portlash — keyinchalik hech qanday detonatsiya bermaydigan portlashdir.

    Texnogen xodisa roʻy bergan ombor XX asrning 40 yillarida qurilgan boʻlib, ilgari texnik qoidalarga koʻra bunday omborlarda katta qurol-yarogʻ saqlanar edi. Ammo 2016-yildan soʻng barcha omborlar rekonstruksiya qilinmoqda. Barchasining atrofida jahon standartlariga koʻra kichik omborlar qurilmoqda va ularda kam miqdorda qurol-yarogʻ saqlanmoqda.

    Barcha obyektlarda jahon standartlariga koʻra qoʻyiladigan talab asosida injener-muhandislik ishlari olib borilmoqda. Natijada portlash sodir boʻlgan taqdirda ham imkon qadar zarar keltiruvchi jismlarning atrofga sochilishining oldi olinadi.

    Sirdaryo viloyatidagi portlash ham shunday omborlardan birida sodir boʻlgan va xavfsizlik talablariga amal qilingani tufayli katta talofot boʻlmadi. Asosiy zararlanish ham yon-atrofdagi binolarning tom va oyna qismiga toʻgʻri kelgan. Yaʼni, portlash toʻlqini tufayli binolarga qisman zarar yetsa ham, turli jismlar tarqashining oldi olindi.

    Boʻlib oʻtgan hodisa yuzasidan hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.