Sirdaryoga 664 ming dollarlik 80 dona sunʼiy nafas berish apparati keltirildi

    Salomatlik 11 Iyul 2020 2760

    Koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarda nafas olish tizimi yaʼni oʻpkada turli muammolar yuzaga keladi. Uning immun tizimi esa qonga koʻproq aksiltanalar tushishi uchun tomirlarni kengaytirish bilan javob qaytaradi. Natijada oʻpkalar suyuqlikka toʻlib qoladi va nafas olish tizimi bilan bogʻliq koʻngilsizliklar roʻy beradi. Bemor organizmida kislorod tanqisligi kuzatiladi. Ana shunday vaziyatda chora sifatida sunʼiy nafas berish apparatidan foydalaniladi.

    Ushbu uskunaning yana birdan bir yordami havoni bemor tana harorati darajasigacha isitib va namlab beradi va qayta oʻzini tiklab olishi uchun oʻpkaga koʻmaklashadi.

    Bugun ana shunday sunʼiy nafas berish apparatlaridan yana 80 tasi viloyatga keltirildi. Bu birinchi va ikkinchi bor viloyatga keltirilgan jihozlar emas. Bundan oldin ham Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga yordam berish va ularga namunali tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida bir qancha zamonaviy tibbiy jihozlar bergan edi.

    — Salomatlik-3 loyihasi asosida bundan oldin 10 ta IVL apparati keltirilgandi. Qolaversa, Birlashgan Arab Amirliklari davlatidan Respublikamizga yordam sifatida berilgan tibbiy asbob uskunalardan 3 ta UTT apparati, 3 ta nebulayzer, 1 ta EKG, 3 ta YUVL, 2 ta Infuzomat apparatlari olib kelindi va shifoxonalarga tarqatilgandi. Keyinchalik Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan yana 12 ta IVL apparati ham berilgandi, shu paytgacha ushbu apparatlar soni viloyatimizdagi tibbiyot tashkilotlarida 46 tani tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda 58 tani tashkil qilayotgan edi. Barcha tibbiyot muassasalarimiz IVL apparatlari yaʼni kislorod uzatmalari bilan taʼminlanib, ogʻir ahvoldagi bemorlarni qabul qilish uchun shay holatga keltirilgan, — deydi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Rustam Yuldoshev.

    Ayni paytda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moslashtirilgan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 8ta, Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 8 ta, Viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 8 ta IVL yaʼni sunʼiy nafas berish apparatlari bor edi. Bundan tashqari bugun ushbu apparatlardan yana 80 donasi viloyatga keltirilgan boʻlsa, nafas yetishmovchiligi kuzatiladigan bemorlarni nafas olishini yengillashtiradigan va kislorod bilan taʼminlash uchun moʻljallangan SIPAP, 6 ta Laringoskop, 2 ta infuzomat, 3 ta defibrillyator apparatlari, 300 ta intubatsion trubka, 300 ta angiokateter, 300 ta oshqozon zondi kabi tibbiy buyumlar olib kelindi va barcha tibbiyot muassasalarimizga yetkazildi. Barcha tibbiyot muassasalari tibbiyot xodimlari uchun moʻljallangan koronavirus yuqishidan oʻzini himoya qilish, tibbiy himoya vositalarini kiyish va yechish, xonalarni zararsizlantirish, bemorlarni parvarish qilish boʻyicha uquv qoʻllanmalari, adabiyotlar va tarqatma materiallari bilan taʼminlandi.

    Bugun keltirilgan yangi sunʼiy nafas berish apparatlari tizimidagi 22 ta tibbiyot muassasalariga yetkazib berildi. Bu esa sunʼiy nafas apparatiga muhtoj boʻlgan bemorlarni sogʻligʻini tiklashda katta yordam boʻladigan boʻldi.

    Gʻulom PRIMOV,

    Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati