Yangi Oʻzbekiston butunlay yangi imkoniyatlarini namoyon etmoqda. Davlat ijtimoiy hayot tomirlariga kirib bormoqda. Ijtimoiy davlat tushunchasi real voqelikka aylanmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 1-moddasiyoq yangi Oʻzbekiston davlatining butun koʻlamini, mazmunini, mohiyatini oʻzida ifoda etadi. Darhaqiqat, Oʻzbekiston – mustaqil, suveren, huquqiy, demokratik, ijtimoiy davlat.
Ijtimoiy davlat tushunchasi uni tashkil etgan har bir fuqaro taqdirini, buguni va istiqbolini, har bir oila muhitini, uning qadriyatiy jihatlarini oʻzida mujassam etadi. Ijtimoiy davlat tushunchasi inson – ijtimoiy hodisa tamoyiliga asoslanadi. Zotan, har bir inson alohida va betakror olam, oʻz maqsadi, orzusi, hayotiy aqidasi, qarashlari orqali bir-biriga bogʻliq va odamlar oʻzaro hamjihatligini taqozo etadigan ijtimoiy hodisa. Davlat ana shu mohiyatni oʻzida ifoda etsa, u chinakamiga xalqchil, xalq uchun yashaydigan, xalqning orzu-maqsadlarini oʻzida ifoda etgan qudratli vositaga aylanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatidagi fenomenal jihatlari yuqoridagi xulosalar bilan bogʻliq. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari oʻzining oʻta xalqchilligi, samimiyligi, insonparvarligi orqali ijtimoiy davlat fenomeniga aylanadi. Kim boʻlishidan qatʼi nazar har qanday fuqaro bilan dildan suhbatlasha oladigan, oʻzining buyuk maqsadlarini oddiy odamlar turmush tarzi, ularning baxtli-saodatli hayoti orqali tushunadiki, bu jamiyatda sogʻlom maʼnaviy-ruhiy vaziyatni vujudga keltiradi. Natijada umummilliy sogʻlom kayfiyat vujudga keladi.
Aslini olganda davlat tushunchasi boshqaruv, taʼsir oʻtkazish, tashkil etish, kuch ishlatish mohiyatiga ega. Biroq davlat rahbarining feʼl-atvori, uning insoniy olami, maʼnaviy va axloqiy dunyosi davlat qiyofasini belgilaydi. Har bir davlatga uning rahbari orqali baho beriladi. Ayni u orqali davlat jonli organizmga, qadriyatiy jihatlarga ega boʻladi. Ana shu jihatdan qaraganda yangi Oʻzbekiston davlati Prezident Shavkat Mirziyoyev timsolida gʻoyat samimiy, adolatli, mehr-muruvvatli, ayni paytda oʻta qatʼiyatli, har bir soʻz, xatti-harakat va faoliyat uchun aniq javobgarlik tuygʻusi namoyon boʻladi. Bu hammamizning, har birimizning yutugʻimiz.
Ochiqlik, oshkoralik, faoliyatga tanqidiy yondashuv, kamchilik va nuqsonlarga dadillik bilan munosabat bildirish, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari koʻrilishi davlat rahbarining zukkoligi, hozirjavobligi va qatʼiyatliligidan dalolat beradi.
Uzoq yillik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, jamiyatda mavjud kamchilik va nuqsonlarni oshkoralik bilan ochib tashlash va uni bartaraf etish choralarini koʻrish davlat rahbaridan alohida qobiliyatni, jurʼatni va qatʼiyatni talab qiladi.
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Keng miqyosli islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda qilingan ishlardan koʻra qilinmagan ishlarning koʻlami keng boʻladi. Ana shunday sharoitda, odamlar kayfiyatida baʼzan kutilmagan oʻzgarishlar sodir boʻladi. Kimlardir loqayd, befarq, tayyoriga ayyorlik illatlariga uchraydi. Yana kimlardir xudbinlik, manfaatparastlik, poraxoʻrlik kasaliga uchraydi. Baʼzilar axloqiy tanazzul, maʼnaviy oʻpirilishlar holatiga tushadi. Ayrim hollarda oʻrta boʻgʻin rahbarlari islohotlar shiddatiga javob bera olmaydi. Ularning ayrimlarida boshqaruv tajribasi, kasbiy mahorat yetishmasa, boshqalari “Xudo berdi, foydalanib qolay” qabilida mansab vakolatidan shaxsiy manfaat yoʻlida foydalanishga oʻtib oladi. Yana bir xillari shunchaki vaqt oʻtkazib, loqaydlik, befarqlik bilan vaqtni oʻtkazadi. Yaxshiyamki, asosiy koʻpchilik islohotlar mohiyatini chuqur anglaydi. Uni qoʻllab-quvvatlaydi. Bosh islohotchi atrofida birlashib, umumiy safarbarlik namunalarini koʻrsatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fargʻona viloyatiga safari yangi Oʻzbekiston ijtimoiy davlatining oʻziga xos qudratini yana bir bor namoyon etdi. Davlatimiz rahbari viloyat boʻylab safarda qator sanoat va qishloq xoʻjalik korxonalarida, fermer xoʻjaliklarida boʻldi. Amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlar natijalari bilan tanishdi va istiqbol bilan bogʻliq fikrlarini bayon etdi: “Oldimizda hali yetti yil bor, bu ishlarni ertaga yoki keyingi yildan boshlaymiz degan vazir yoki hokim qattiq adashadi. Chunki odamlarimiz saylovoldi dasturlarida koʻtarilgan har bir tashabbus boʻyicha aniq natijalarni bugundan kutayapti. Agar eng yuqoridan tortib mahallagacha ish uslubi oʻzgarmasa, barcha darajadagi rahbarlar “Har bir yangi kun – yangi imkoniyat” deb ishlashga oʻrganmasa, vaqtni boy beramiz”, dedi.
Darhaqiqat, inson umri va davlat hayoti uchun vaqt har narsadan qimmat. Oʻtib ketgan vaqtni qaytarib boʻlmaydi. Islohotlar jarayonida har bir kun gʻanimat, har bir kun yangi imkoniyat. Bu tashabbuskorlik va yangidan-yangi gʻoyalar bilan yashab, uni real voqelikka aylantirish imkoniyati.
Davlatimiz rahbari mavjud kamchiliklarni ochib tashladi. Jumladan, Fargʻona shahrida oʻtgan yilning olti oyida bor yoʻgʻi 25 million dollar investitsiya kiritilgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida atigi 12 million dollar jalb etilgan. Bir qator tumanlarda ahvol koʻngildagidek emas, sanoat salohiyati yetarli darajada ishga solinmayapti, mavjud imkoniyatlardan foydalanilmayapti.
Joriy yilning birinchi yarmida sanoat hajmi Toshloqda 17 foizga, Qoʻqonda 3, Oltiariqda 1,3 va Quvada 1,2 foizga kamaygan. Viloyatda qurilishi rejalashtirilgan 212 uy-joydan 42 tasigina foydalanishga topshirilgan. 2022-yilning olti oyida faoliyatini toʻxtatgan korxonalar soni 2500 tani tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 14 ming 500 taga yetgan. Davlatimiz rahbari bunday loqaydlik va sansolarlikka qatʼiy barham berishni talab qildi.
Har qanday islohot ostida inson manfaati yotadi. Uning taqdiri farovon va saodatli hayoti, farzandlarining istiqboli islohotlar samarasi bilan bogʻliq. Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosiy qarashlarida hamma narsa inson uchun, inson hamma narsadan ulugʻ tamoyili ustuvorlik qiladi. Jumladan, ana shu ezgu maqsaddan kelib chiqib “Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq inson qadrini ulugʻlashni eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham Oʻzbekiston huquqiy va ijtimoiy davlat ekanligini muhrlab qoʻydik. Yagona maqsadimiz adolat va qonun ustivorlignini taʼminlash orqali xalqimizni rozi qilish”, deb alohida taʼkidladi.
Qonun ustuvorligiga erishish, har bir fuqaro hayotining daxlsizligi, tinchligi va barqarorligi ijtimoiy davlatning asosiy tamoyillaridan biri hisoblanadi. Bu tamoyillarni amalga oshirish uchun keyingi 2 yilda huquq-tartibot faoliyatiga oid 10 ta qonun, Prezidentning 40 ga yaqin farmon va qarori, 60 dan ortiq hukumat qarori qabul qilindi. Huquq-tartibot organlari, ayniqsa, ichki ishlar hodimlarining oylik maoshi keskin oshirildi va koʻplab imtiyozlar berildi. Shunga qaramay joriy yilning olti oyida turli qonunbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishi mumkin boʻlgan holda 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan. Mamlakatimizda mavjud 10 mingga yaqin mahallaning 1500 tasida kriminogen vaziyat mavjud. Bu jamiyat barqarorligiga, fuqarolar hayoti daxlsizligiga jiddiy taʼsir koʻrsatadigan xatarli holatlardir.
Kuzatishlarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, jamiyatda qandaydir axloqiy va maʼnaviy chekinishlar holati chuqurlashib bormoqda. Ayrim odamlar oʻzini oʻzi boshqarolmayapti. Ruhiy muvozanatini yoʻqotgan holatda jinoyat sodir etmoqda. Bu sharqona tushmush tarzi, oʻzbekona axloqiy qadriyatlar gʻoyat nochor ahvolga tushganini koʻrsatmaydimi?
Joriy yilning oʻtgan olti oyi mobaynida 257 ta voyaga yetmagan qizni zoʻrlash holatlari roʻyxatga olingan. Bu shikoyat qilganlarning va jinoiy ish qoʻzgʻatilganlarning oʻzigina xolos. Shikoyat qilmagan yoki oʻzining moyilligi boʻlgan holatda sodir boʻlgan bunday gʻayri axloqiy holatlar koʻlami qancha ekan? Biz qayoqqa boryapmiz?
Prezident Shavkat Mirziyoyev turli jinoyatchiliklarning asosini jamiyat axloqiy, maʼnaviy va ruhiy holatida koʻradi. Kriminogen holatlar ildizini qidiradi. Davlat rahbarining axloqqa doir siyosati Prezident sifatidagi siyosiy axloq konsepsiyasini belgilaydi. Siyosiy axloq bevosita boshqaruv madaniyati, rahbarlik odobi, millat va davlat shaʼni bilan bogʻliq boʻlgan milliy oriyat va milliy nafsoniyat bilan bogʻliq boʻlgan gʻoyatda keng miqyosli hodisa darajasiga koʻtariladi. Darhaqiqat, qaysi jamiyatda rahbar odobi kuchli boʻlsa, unda fayz, baraka yalpi jamiyatning umumiy kayfiyati sogʻlom boʻladi. Natijada siyosiy axloq axloqiy siyosatning tayanchiga aylanadi. Bu bevosita sharqona boshqaruv madaniyati, bir necha ming yillik davlatchilik tajribalarimizning zamonaviy sivilizatsiya sharoitidagi yangi koʻrinishi sifatida koʻzga tashlanadi.
Ana shu hayot haqiqatidan kelib chiqib, Shavkat Mirziyoyev keng miqyosli islohotlar jarayonida oila mustahkamligi, oila muhitining sogʻlomligi, ota va onaning farzand tarbiyasi bilan bogʻliq majburiyatlari muammolariga alohida eʼtibor bilan qaraydi. Oilaviy nizolar, ayollar jinoyatchiligi holatlariga alohida eʼtibor beradi. Ijtimoiy-maishiy muammosi bor oilalar bilan alohida, doimiy va uzluksiz ishlash davlat idoralarining birinchi galdagi vazifasi boʻlib qolishini hamisha taʼkidlaydi. Darhaqiqat, oila – kichik davlat. Boshqacha qilib aytganda, oila – makrodavlat ichidagi mikrodavlat. Har bir oilaning oʻz tarbiyaviy muhiti, yashash qonuniyatlari, talablari va ehtiyojlari bor. Bu qonuniyatlar, talablar va ehtiyojlar, albatta, umummilliy va umumijtimoiy manfaatlar bilan uygʻun boʻlishi lozim. Ana shundagina butun jamiyat sogʻlom va barkamol boʻladi. Bu – oson ish emas. Chunki hamma oiladagi maʼnaviy, axloqiy va ruhiy muhit bir xil emas. Uni muvofiqlashtirib turadigan, nazoratga oladigan holatlar ham mavjud. Shu maqsadda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Ogʻir hayotiy ahvolga tushgan, kam taʼminlangan, xususan, tarbiyaviy va axloqiy jihatdan muammosi bor oilalar bilan alohida ishlash, ular bilan shugʻullanish maqsadida “Ijtimoiy xizmat ishi” yoʻlga qoʻyiladigan boʻldi. Kriminogen oilalar bilan alohida ishlaydigan, “Xavfsiz oila” tamoyili asosida faoliyat yuritadigan tizim yoʻlga qoʻyiladi.
Insoniyatning bir necha ming yillik taraqqiyoti shundan dalolat beradiki, har qanday sivilizatsiyaning asosi – maʼnaviyat! Har qanday sivilizatsiyaning tanazzuli – axloqsizlik! Bu bevosita ming yilliklar mobaynida sinovdan oʻtgan hodisa.
Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatlarda, shahar va qishloqlarda boʻlganida toʻgʻridan toʻgʻri xonadonlarga kirib boradi. Serfarzand va serdavlat oila aʼzolari bilan suhbat quradi. Ularning dasturxoni atrofida oʻtirib, maqsadlari va muammolari bilan tanishadi. Albatta, mahalla, jamiyat va uning istiqboli atrofida fikr almashadi, oʻrtoqlashadi.
Esimda bor. Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangan dastlabki yillarda Andijon viloyatidagi mahallalarning birida boʻlganida bolalarga eʼtibor, ularni doimiy nazoratga olish, yoshlar tarbiyasi hammamizning umummilliy ishimiz ekanini alohida taʼkidlagan edi. Jumladan, “Bu bola meniki emas, qoʻshniniki, Andijonniki emas, Xorazmniki degan fikrga bormasligimiz, u bola Oʻzbekistonniki ekanligini unutmasligimiz lozim”, degan edi.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston bizning umumiy uyimiz. Oʻttiz olti millionli ulkan xonadonimiz. Unda yashayotgan har bir bola hammamizniki. Uning taqdiri, qanday odam va kim boʻlib voyaga yetishi bizga bogʻliq. Ularning baxtli-saodatli hayoti, taqdiri uchun javobgarmiz. Bu – oʻzbekona tarbiyaning oʻzginasi. Bu – siyosiy axloq va axloqiy siyosatning mushtarak koʻrinishi. Qolaversa, bu azaldan ajdodlarimizdan bizga meros boʻlib kelayotgan tarbiya tamoyillari. Zotan, ota-bobolarimiz ming yillar mobaynida bola kimligidan qatʼi nazar unga befarq boʻlmagan. Har bir bola alohida eʼtiborda boʻlgan. Bola va uning ota-onasi fazilatlari uchun rahmat eshitgan, illatlari uchun tanbeh berilgan. Tarbiyasi ogʻir, yurish-turishi xavfli, eʼtiqodi zaif yoshlar bilan butun mahalla shugʻullangan. Bir oilada nojoʻya gap chiqsa, mahalla uchun isnod deb bilishgan.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan turli nojoʻya maʼlumotlar, axloqsiz roliklar oʻsmirlar va yoshlar ongiga jiddiy salbiy taʼsir etmoqda. Yengiltak turmush tarzini targʻib qilmoqda. Bu zamonaviy sivilizatsiya sharoitida millatlar yoʻq qilinishining oson va samarali usuli boʻlib qoldi. Milliy qadriyatlardan uzoqlashish jarayoni davom etmoqda. Bundan qattiq taʼsirlangan atoqli rus shoiri Yevgeniy Yevtushenko bir paytlar reklamalar, behayo kliplar va sanʼatdagi tuturuqsiz holatlar haqida chuqur iztirob bilan gapirgan edi. Jumladan, “Tabiat zilzilalar, qoʻrqinchli suv toshqinlari bilan bizga tahdid qiladi. Biroq bu qoʻrquv va tahdidlar gazeta va jurnallar, televideniye orqali yopirilib kelayotgan majruh reklamalar tahdidi oldida hech narsa emas. Har qanday reklama falsafasi yoʻq odamning falsafasiga aylandi. Kliplar esa sayyoramizning bosh imijmeykeri maqomini egalladi. Bugun Maykl Jekson Shekspirdan koʻra mashhur. Rossiya yoshlari orasida pop qoʻshiqchi Kirkorovning mashhurlik darajasi Chaykovskiy, Tolstoy va Soljenitsining qoʻshib olgandagi mashhurligidan ham oshib ketdi”, degan edi. Bu iztirobning tagida juda katta milliy dard, milliy iztirob, ayni damda achchiq haqiqat yotadi. Chunki bugungi yoshlar yengiltak qoʻshiqchilar va yengil fikrlaydigan odamlar ortidan quvadigan va ularga taqlid qiladigan boʻlib qolgan.
Tobora keng tarqalayotgan bemaʼni qoʻshiqlar, yarim yalangʻoch raqslar, oʻgʻrincha musiqalar, yengiltak, axloqsiz hayotni targʻib qilish vositasiga aylandi. Bu, ayniqsa, aholisining 60 foizidan koʻprogʻini yoshlar va bolalar tashkil etadigan Oʻzbekistonday bolajon mamlakatda gʻoyat xatarli, millat istiqboliga tahdid soluvchi hodisa emasmi? Ayni shu sanʼat niqobidagi turli erotik roliklar va fahsh bilan bogʻliq boʻlgan kliplar yoshlar, ayniqsa, oʻsmirlar qalbiga jiddiy salbiy taʼsir etmoqda. Ular ongini osonlik bilan zaharlamoqda.
Aslini olganda terrorchilik, kamikadzelik holatlari haqida koʻp gapiramiz, bunga ehtiyoj ham bor. Zotan, bugungi dunyo ayni shu tajovuzkor hodisadan jabr koʻrmoqda. Buyuk qadriyatlar toptalmoqda. Insoniyat hayotiga misli koʻrilmagan tahdid solmoqda. Biroq jismoniy harakat, feʼl-atvor va intilishlar bilan bogʻliq boʻlgan, qandaydir manfaatlarni oʻzida mujassam etgan bunday holatlarga qaqshatqich zarba berish mumkindir. Lekin butun millatni buyuk tarixidan, ulkan madaniy merosidan ayirib, milliy anʼanalari, madaniyati va qadriyatlarini buzib yuborish orqali tanazzulga daʼvat etishdek madaniy terrorning bahosi qancha? Uning oʻlchovi, meʼyori, koʻlami bormi? Bu jiddiy masala.
Yuqorida keltirilgan jinsiy zoʻravonlik, voyaga yetmagan qizlarning homilador boʻlishi singari oʻta ogʻir va sharmandali holatlardan tortib, ekstremizm, radikalizm taʼsiriga berilayotganlarigacha, poraxoʻrlik, korrupsiyadan tortib, befarqlik, loqaydlik, “sen menga tegma, men senga tegmay” qabilidagi tamoyillarigacha qator illatlarining borishi milliy inqirozga olib keladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning huquq organlari faoliyatidan noroziligi, ular oldida qoʻyayotgan dolzarb talablari ana shu ijtimoiy muammodan kelib chiqmoqda. Bir yigʻilishning oʻzida 15 ta ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, 5 ta prokurorning vazifasidan ozod etilishi siyosiy axloq va axloqiy siyosatning yorqin koʻrinishidir.
Yangi Oʻzbekiston ijtimoiy davlati har bir fuqaro qadru qimmati bilan, shaʼni, uning baxtli, saodatli hayoti bilan bogʻliq boʻlgan maʼnaviy barkamol, gʻoyaviy yetuk, siyosiy axloqning axloqiy siyosat bilan sintezlashib borayotgani uning davlat sifatidagi fenomenidir. Zotan, bizning, jamiyatimizning, davlatimizning yagona va birdan bir xaloskori axloq! Unga kuch, ragʻbat, iroda va tashabbuskorlik tuygʻusini baxsh etadigan yagona va birdan bir manba – maʼnaviyat!
Oqil SALIMOV,
akademik.









