“Oʻzingiz bir tasavvur qiling – 37 millionlik xalqdan faqatgina 65 nafar insonga senator boʻlishdek yuksak sharaf va baxt nasib etdi. Bu ulkan ishonch va masʼuliyatning qadriga yetish, uni halol va sodiq xizmat bilan oqlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Sizlar Yangi Oʻzbekiston va Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishga munosib hissa qoʻshasizlar, xalqchil va adolatli qonunlar qabul qilib, barchaga oʻrnak boʻlasizlar, deb tilak bildiraman.
Men siz, muhtaram senatorlar timsolida ana shunday katta ishlarga qodir, Oʻzbekiston oldida turgan strategik vazifalarni chuqur anglaydigan, Vatan va xalq manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyadigan fidoyi insonlarni – oʻzimning eng yaqin maslakdoshlarimni koʻraman.
Sizlar bor bilim va tajribangiz, kuch va imkoniyatingizni ishga solib, mamlakatimiz hayotida, Senat faoliyatida yangi, yorqin sahifa ochasiz, deb ishonaman”, — dedi Prezident majlis yakunida.