Xalq taʼlimi vazirligida matematika, kimyo, biologiya, fizika va informatika fanlaridan nufuzli Xalqaro olimpiadalarda Oʻzbekiston sharafini himoya qiladigan terma jamoa aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv avvalida Xalq taʼlimi vaziri kuni kecha Oʻzbekistonda oʻtkazilgan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida gʻolib boʻlgan oʻzbekistonlik 10 nafar oʻquvchini gʻalaba bilan qutlar ekan, ularga kelgusi nufuzli Olimpiadalarda ham ulkan yutuq tiladi va esdalik sovgʻalarini taqdim etdi.
Oʻquvchilar bilan suhbat jarayonida ularning kelgusida oldilariga qoʻygan maqsadlari, tanlagan kasblari va rejalari haqida soʻz bordi.
Vazir oʻquvchilarning gʻalaba qozonishlari uchun bugun barcha sharoitlar muhayyoligi, ulardan esa oʻz ustilarida qattiq ishlab Vatanimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtarishlari talab etilishini qayd etib, kelgusi oʻqish va izlanishlarida muvaffaqiyat tiladi.