“Slick” ilovasi orqali sodir etilgan firibgarlik jinoyati fosh etildi

    Toshkent shahrida yashovchi 28 yoshli ayol N.A. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan jami 110 mln. soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.

    Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi X.R. sodir etganligi aniqlangan.

    Unga koʻra, X.R., jabrlanuvchi N.A.ning qoʻl telefoniga qoʻngʻiroq qilgan va oʻzini “Click” xizmati xodimi sifatida tanishtirib, uning bank plastik kartasiga kiberhujum boʻlayotganligini aytib, “SMS” xabarnoma yuborish orqali boshqaruv huquqini qoʻlga kiritib, 110 mln. soʻm miqdoridagi pullarni oʻtkazib olganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan X.R.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.