Toshkent viloyati Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ham aholiga koʻchmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi koʻrinishdagi namunasini berish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunda fuqarolarimiz mazkur xizmatdan keng foydalanmoqda.
Chinoz tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan Shahlo Atametova va Roza Akramovaga yangi namunadagi koʻchmas mulk obyektning kadastr pasporti topshirildi.
— Avvallari kadastr pasporti bilan bogʻliq koʻplab muammolar yuzaga kelardi, — deydi Chinoz tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Murodjon Ibrohimov. — Smart karta shaklidagi kadastr pasportida koʻplab qulayliklar bor. Masalan, barcha kadastr maʼlumotlari bir joyda, yagona maʼlumotlar bazasida saqlanadi. Undagi maʼlumotlar onlayn ravishda bazaga ulangan holda koʻriladi. Agar smart karta yoʻqolib qolsa yoki yaroqsiz holga kelsa kartani masofadan turib bloklash mumkin. Shuningdek, unga uy-joyning geografik maydoni va chegarasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham kiritilgan.
Koʻpchilik uchun yana bir muhim qulayligi kadastr pasportida QR-kod tizimi mavjud. Endi mulk egalari vakolatli tashkilotlarga murojaat qilmasdan “QR scanner” mobil ilovasi orqali ham koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni olishi mumkin.
Oʻtgan bir oy davomida Toshkent viloyatining barcha tuman va shahar davlat xizmatlari markazlari tomonidan aholiga 200 ga yaqin yangi namunadagi kadastr pasporti, yaʼni smart kartalar berildi.
DXA Toshkent viloyati boshqarmasi
matbuot xizmati