Turkiyaga safar chogʻida ushbu mamlakatning qator yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Dastlab SMTI rahbari Turkiya Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamgʻarmasi (SETA) Bosh koordinatori Burxoniddin Duran bilan muzokara olib bordi.

2006-yil Anqarada tashkil etilgan SETA Turkiyadagi yetakchi notijorat tadqiqot va tahliliy muassasasi boʻlib, Istanbul, Vashington, Bryussel va Berlinda ham ofislariga ega.

Tuzilma asoschisi Ibrohim Kalin Prezident Rejep Tayyip Erdogʻanning bosh maslahatchisi va matbuot kotibi, B.Duran esa Xavfsizlik va tashqi siyosat kengashi aʼzosi hisoblanadi.

Eldor Aripov “Marmara Group” Strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamgʻarmasi bosh direktori Akkan Suver bilan ham uchrashdi. SMTI ushbu tuzilma bilan 2018-yilda imzolangan oʻzaro anglashuv memorandumi asosida munosabat oʻrnatgan.

Suhbat davomida mamlakat janubi-sharqida sodir boʻlgan kuchli zilzila qurbonlari va keng koʻlamli vayronagarchilik tufayli turk hamkasblarga hamdardlik, qoʻllab-quvvatlov soʻzlari bildirildi.

Turkiya tomoni ogʻir kunda tezda amaliy yordam koʻrsatgani uchun Oʻzbekistondan minnatdor ekanini izhor etdi. Oʻzbekiston Prezidenti topshirigʻiga koʻra, Turkiyaga qutqaruvchilar va harbiy shifokorlar guruhi hamda insonparvarlik yordami joʻnatildi. Natijada oʻnlab insonlar hayotini saqlab qolish, 4 mingdan ziyod fuqaroga tibbiy yordam koʻrsatish imkoni yaratildi.

Uchrashuvlar chogʻida hamkorlarimiz Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohot jarayoniga jiddiy qiziqish bildirdi. Asosiy qonunga kiritilgan oʻzgarishlar inson huquqi va erkinligini, davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy majburiyatini mustahkamlash bilan birga, parlament va siyosiy partiyalar vakolatini kengaytirayotgani alohida taʼkidlandi. Mezbonlar ikki davlat ekspertlari ishtirokida konstitutsiyaviy yangiliklarni batafsil muhokama qilishdan manfaatdor ekanini bildirishdi.

Bundan tashqari Oʻzbekiston vaTurkiya oʻrtasidagi aloqani yanada rivojlantirish istiqboli tahliliga alohida eʼtibor qaratildi. Davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasida yaqin, ishonchli muloqot yoʻlga qoʻyilgani mavjud munosabatni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishda asosiy omil boʻlgani eʼtirof etildi.

Ishtirokchilar savdo-iqtisodiy hamkorlik surʼati jadal oʻsayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Bugungi kunga kelib Turkiya Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasi, Xitoy va Qozogʻistondan keyinni 4-yirik savdo-iqtisodiy hamkoriga aylangan. Tovar ayirboshlash miqdori 2022-yil 3.2 milliard dollarni tashkil etdi va 2017-yildagi 1.5 milliard dollarga nisbatan ikki barobardan koʻproq oshdi. Yaqin yillarda mahsulot va xizmat ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish rejasi belgilandi. Hozirgi kunda yurtimizda turk kapitali ishtirokida 2204 korxona faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvlar davomida ekspertlar muloqotini yanada rivojlantirish, tahliliy institutlar oʻrtasidagi aloqani kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

SMTI va SETA oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat qoʻshma ilmiy loyihalar amalga oshirish, tomonlarni qiziqtirgan masalalar boʻyicha forum, seminar va davra suhbatlari tashkil etish orqali hamkorlik, muntazam ishchi aloqa oʻrnatishni nazarda tutadi.