“Society” jurnali: Oʻzbekistondagi madaniy meros obyektlarining aksariyati YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan

    Avstriyaning ommabop “Society” jurnalida “Oʻzbekiston butun dunyodan sayyohlarni chorlamoqda” sarlavhali maqola chop etildi.

    Unda Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan Oʻzbekiston oʻzining koʻplab meʼmoriy obidalari, goʻzal tabiat manzaralari, muhtasham saroylari, qadimiy sivilizatsiyalarga munosib hissa qoʻshgan buyuk ajdodlari, mashhur hunarmandchilik ustaxonalari va milliy taomlari bilan mashhur ekani taʼkidlangan.

    “Oʻzbekistonda 7 mingdan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud boʻlib, ularning aksariyati YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, – deyiladi nashrda. – Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Xiva, Urganch, Termiz, Qoraqalpogʻistonning qadimiy obidalari Oʻzbekistondagi tarixiy-maʼrifiy turizmning asosi hisoblanadi”.

    Jurnal Samarqand shahridagi mashhur Registon maydoni, Xivadagi “Ichan-qalʼa”, Shahrisabzdagi Oqsaroy majmuasi, Toshkentdagi Koʻkaldosh madrasasi kabi mamlakatning eng mashhur tarixiy obidalari va ularning qurilish tarixiga oid maʼlumotlarni ham mushtariylar eʼtiboriga taqdim qilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Gastronomiya Oʻzbekistonga sayohat qilish uchun yana bir sababdir. Mamlakatga borganingizdan soʻng, siz har qanday ekskursiyadan voz kechishingiz mumkin, lekin hech qachon oʻzbek milliy taomlarini rad etolmaysiz. Oʻzbek oshxonasi oʻzining xilma-xil va mazali taomlari bilan ajralib turadi. Siz dunyodagi eng mazali palov, tandir kabob, lagʻmon va boshqa oʻzbek taomlarini tatib koʻrishni istasangiz, albatta Oʻzbekistonga tashrif buyuring”, – deb yozgan “Society”.