Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bilan Fuqarolik protsessual kodeksida yangi institut joriy etilmoqda. Unga koʻra, soddalashtirilgan tartibda ish yuritish agar daʼvoning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa – oʻn baravaridan, fuqarolarga nisbatan esa – besh baravaridan oshmasa, daʼvo arizalari boʻyicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida koʻrib chiqilishi lozimligi belgilanmoqda.

Shuningdek, soddalashtirilgan ish yuritish tartibidagi ish daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilish va ish qoʻzgʻatish haqida ajrim chiqarilgan kundan eʼtiboran yigirma kundan oshmagan muddatda koʻrib chiqilishi koʻzda tutilmoqda

Deputatlarning qayd etishicha, bugungi kunda soddalashtirilgan tartibda ish yuritish instituti iqtisodiy sudlarga joriy etilganligi oʻzining ijobiy natijasini berdi. Tadbirkorlik subyektlarining, shu jumladan yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari sudlarda ortiqcha vaqt va xarajatlarni sarflanmasdan tezroq himoya qilinishiga erishilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi “Biznes yuritish” indeksining Kontraktlar ijrosini taʼminlash indikatorida yurtimizning oʻz koʻrsatkichlari yaxshilanishiga, tadbirkorlik subyektlarining, shu jumladan yuridik shaxslarning odil sudlovga erishish darajasining oshirilishiga va ularning ortiqcha sarf-xarajatlari tejalishiga xizmat qiladi.