Hozirda respublikamizda sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar natijalari, hududiy organlarda sohani boshqarish, birlamchi tibbiy sanitariya yordami muassasalari faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilik xabardorligini oshirish, shuningdek, mazkur organlar va muassasalar faoliyatining ochiqligini taʼminlashga zarurat sezilyapti.

Senatning qirq toʻrtinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sogʻliqni saqlash organlari faoliyati haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida«gi Qonun yuqorida qayd etilgan muammolarga yechim topishi qayd etib oʻtildi.

Mazkur Qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida«gi Qonuniga muhim qoʻshimchalar kiritilyapti.

Xususan, Qonunga koʻra xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan yarim yillik yakunlari boʻyicha tegishincha sogʻliqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlarining sogʻliqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining bajarilishi, kasalliklar profilaktikasining holati, sogʻlom turmush tarzini va toʻgʻri ovqatlanishni shakllantirish, shuningdek, sogʻliqni saqlashning asosiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitib boradi.

Natijada viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi rahbarlarining hisobotidan kelib chiqib, xalq deputatlari Kengashi tomonidan ularning faoliyati samaradorligiga baho beriladi.

Shuningdek, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida«gi Qonuniga ham fuqarolar yigʻinlari tomonidan tegishincha aholi biriktirilgan tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlari rahbarlarining sogʻliqni saqlashning holati hamda fuqarolar sogʻligʻiga taʼsir etuvchi omillar, shu jumladan, tegishli hududning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisidagi axborotini eshitishni nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritilyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Majlisda savol-javob va muhokamalardan soʻng ushbu Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.