Oʻtgan qisqa davr mobaynida soha xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha adliya organlari tomonidan 9 000 dan ortiq targʻibot tadbirlari amalga oshirildi. Jumladan, telekanallarda 50 dan ortiq, radioda 270 dan ortiq chiqishlar qilindi, 1 500 dan ortiq sayyor qabullar, seminar va davra suhbatlari oʻtkazildi, veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda 4 400 marotabadan ziyod maʼlumotlar joylashtirildi va boshqa turli shakllarda targʻibot tadbirlari amalga oshirildi.

Shuningdek, soha boʻyicha adliya organlariga 3 561 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, shundan, 2 391 tasi (67 %) qanoatlantirildi, 248 ta murojaat boʻyicha huquqiy tushuntirish berildi hamda 22 ta murojaat tegishliligiga koʻra vakolatli organlarga yuborildi. Ayni vaqtda 900 ta murojaat ish yurituvida koʻrib chiqilmoqda. Murojaatlarning asosiy qismi Andijon (694 ta), Qashqadaryo (437 ta), Navoiy (305 ta) viloyatlariga toʻgʻri kelmoqda.

Murojaatlarni koʻrib chiqish jarayonida soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari koʻrildi. Jumladan, Quvasoy shahar 90-son kar bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internati xodimlarining ish stavkalari ularning roziligisiz asossiz ravishda qisqartirilganligidan norozi boʻlib qilgan murojaati, shahar adliya boʻlimi tomonidan oʻrganilganda, qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi, murojaat qilgan xodimlarning roziligisiz ish stavkalarini oʻzgartirganligi aniqlanib, maktab direktorini maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan shahar aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga taklif kiritildi.

Sardoba tuman adliya boʻlimi tomonidan Sardoba tumanidagi Paxtaobod Kasb-hunar maktabida ishlovchi fuqaro A.Yangiboyevning har oylik ustama pullari toʻlab berilmayotganligidan norozi boʻlib yozgan murojaati yuzasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha Oqoltin tumanlararo sudiga ish haqini undirish yuzasidan ariza kiritildi.

Qoʻrgʻontepa tuman adliya boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga saqlanadigan tashkilotlarda band boʻlgan xizmatchilarning keng tarqalgan lavozimlari xodimlari ayrim toifalari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha razryadlarning notoʻgʻri qoʻllanilganligi sababli umumtaʼlim maktablarining kadrlar boʻyicha inspektorlariga toʻlanmay qolgan 60 mln. 219 ming soʻm ish haqi mablagʻlarini undirish maqsadida fuqarolik ishlari boʻyicha sudga ariza kiritilishi taʼminlandi.

Hududiy adliya organlari tomonidan sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimi xodimlarining manfaati yuzasidan 930 ta taqdimnoma, 1 447 ta ogohnoma, 162 ta maʼmuriy va 3 ta jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar hamda sudlarga 1 766 ta 7 189,52 mln. soʻmlik daʼvo arizalari kiritildi.

Koʻrilgan taʼsir choralari natijasida taqdimnomalarga asosan 5 240 mln. soʻm mablagʻlar (ish haqi, ustama va boshqa toʻlovlar) soha xodimlariga undirib berildi. Shuningdek, 383 ta hujjat bekor qilindi, 398 ta shaxs intizomiy, 33 ta shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Xususan, Chirchiq shahar adliya boʻlimi tomonidan Chirchiq shahar maktabgacha taʼlim boʻlimi tasarrufidagi 5-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining 36 nafar xodimining murojaatlari koʻrib chiqilib, mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti qayta taʼmirlanayotganligi sababli xodimlarning yozma roziligi olinmasdan ish haqi saqlanmagan holda taʼtilga chiqarib yuborilganligi, ularning bekor turib qolgan vaqtdagi oʻrtacha oylik ish haqlari toʻlab berilmaganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan, shahar adliya boʻlimi tomonidan xodimlar manfaatida fuqarolik ishlari boʻyicha Chirchiq tumanlararo sudiga ariza kiritilib, 36 nafar xodimlarning toʻlanmay qolgan jami 261 mln. soʻm oʻrtacha oylik ish haqlari undirib berilishiga erishilgan.

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan viloyatning chekka hududlarida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning manfaatini koʻzlab viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasiga taqdimnoma kiritilib, ularga oʻz vaqtida toʻlab berilmagan qonunchilikda belgilangan bir martalik boshlangʻich yordam puli va ijarada turganlik uchun har oylik kompensatsiya pullari undirib berildi.

Olis hududlarda ishlovchi oliy maʼlumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullarining toʻlanmasligi holatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida ham aniqlangan boʻlib, ushbu qonunchilik meʼyorlarining buzulish holatlarini bartaraf etish uchun taqdimnomalar kiritildi.

Vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy taʼlim vazirigi, Xalq taʼlimi vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimi xodimlarining ish haqlari, qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus ustamalar va kompensatsiyalarning toʻlanib borishi holati ham oʻrganilmoqda.

Aksiya davomida oʻtkazilgan monitoringlar natijasida

    • ish haqining belgilangan muddatda toʻlanmasligi (500 ta);
    • ustamalarning toʻlanmasligi (1 534 ta);
    • foydalanilmagan taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlab berilmasligi (123 ta);
    • olis hududlarda ishlovchi oliy maʼlumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensatsiya pullarining toʻlab berilmasligi (264 ta);
    • birlamchi va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtilishi munosabati bilan xodimlarning xarajatlarini qaopab bermaslik holatlari (49 211 ta);
    • majburiy mehnatga jalb qilish holatlari (16 ta) va boshqa koʻplab qonunbuzilish holatlari aniqlanib, soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklashga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, Yangiyer shahar adliya boʻlimi tomonidan Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi holati yuzasidan oʻtkazilgan monitoring natijasida, bir qator xodimlar tomonidan mehnat taʼtiliga chiqish boʻyicha ariza berilganligiga qaramasdan, xodimlarga yillik mehnat taʼtillari berilmaganligi aniqlanib, mazkur holat yuzasidan Yangiyer shahar Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga qonunbuzilishiga yoʻl qoʻygan shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish masalasini hal etish boʻyicha taklif kiritildi.

Shuningdek, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlarida foydalanilmagan taʼtillar uchun pullik kompensatsiya toʻlab berilmasligi bilan bogʻliq holatlar aniqlanib, yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilgan.

Toshkent shahar adliya boshqarmasi Sergeli tuman adliya boʻlimi tomonidan tumandagi taʼlim va sogʻliqni saqlash tashkilotlarida mehnat qonunchiligiga rioya etish holatlari oʻrganilganida, Mehnat kodeksining 214-moddasiga koʻra, ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chogʻida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish majburiyatlarini bajarilmaslik holati yuzasidan tumandagi 22 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlariga taqdimnoma kiritildi, shuningdek, aybdor mansabdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha Sergeli tuman bandlikka koʻmaklashish markaziga taklif kiritildi.

Shuningdek, Andijon viloyati adliya boshqarmasi Asaka, Boʻston va Paxtaobod tuman adliya boʻlimlarining saʼy-harakatlari natijasida 393 nafar umumtaʼlim maktablarining oʻqituvchilari bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlandi.

Adliya vazirligi

jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi