Vazir muloqot avvalida yurtimizdagi epidemiologik vaziyat haqida qisqacha toʻxtalib, kasallanishlar soni ortib borayotgani va buning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirdi.
“Hozir har bir bemor nazoratimiz ostida. Ularning sogʻayishi, qolaversa, boshqalarga bu xavfli virus yuqmasligi uchun zarur choralarni koʻryapmiz. Vaksinatsiya — koronavirus infeksiyasi keng tarqalib ketishiga qarshi eng samarali choradir, — dedi u. — Chunki toʻliq bosqichda, qolaversa, buster dozada emlanganlarning kasallikka qarshi kurashuvchanlik qobiliyati oshadi. Mamlakatimizga kirib kelgan yangi shtamm haqida toʻxtaladigan boʻlsak, u avvalgi variantlarga nisbatan ancha yengil oʻtmoqda.
Statsionar sharoitda davolanayotgan 90-95 foiz bemorlarda ham oʻpkaning nafas olish koʻrsatkichi pasayishi va pnevmoniya belgilari kuzatilmayapti. Eng muhimi, virusga qarshi remdesivir va boshqa dori vositalariga boʻlgan ehtiyoj kamaygan. Shundan kelib chiqib, davolash protokoliga ham oʻzgarish kiritdik.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining har bir tuman va shahar boʻlimlarida ham har kuni 24 soat davomida bepul PZR-test topshirish sharoiti yaratilgan. Bizda koronavirusga qarshi kurashish borasida tajriba ham, imkoniyat ham yetarli.
Uchrashuv davomida koronavirusga chalingan bemorlarni uy sharoitida davolashning ahamiyati, afzalliklari xususida ham soʻz yuritildi. Shundan soʻng kun tartibidagi asosiy masala — Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan boʻlib oʻtadigan ochiq muloqotiga tayyorgarlik jarayoni haqida fikr almashildi.
Qayd etilganidek, shu kungacha ochiq muloqotga Fargʻona viloyatidan jami 430 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 317 tasi bevosita tibbiyot xodimlariga tegishli.
Vazir yoʻllangan har bir murojaat yechimi bilan qiziqdi. Soha vakillarining takliflariga quloq tutdi. Sogʻliqni saqlash xodimlarining ish sharoitini yaxshilash, bandligini taʼminlash, tibbiyot yoʻnalishidagi qurilish-rekonstruksiya ishlarini yakuniga yetkazish bilan bogʻliq muammoli masalalarni tezkor va joyida hal etish uchun tizim mutasaddilariga tegishli topshiriqlar berdi.
Savol-javoblar yakunida kelgusida tibbiyot tizimida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida ham maʼlumot berildi.