Xalqimiz tibbiyotdan to'laqonli rozi bo'lishi uchun malakali tibbiy xizmat aholiga yanada yaqinlashishi shart. Bu borada eng katta mas'uliyat birlamchi bo'g'in muassasalari zimmasiga tushadi. Sog'liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Samarqand viloyatiga xizmat safari doirasida mazkur yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Urgut tumanida bo'ldi.

Tuman markazidan 18 kilometr uzoqlikda, chegara hududda yangidan barpo etilib, ishga tushirilgan Jarqishloq oilaviy shifokor punkti 2 ta mahallaning 8,4 mingga yaqin aholisiga xizmat ko'rsatadi. 50 qatnovga mo'ljallagan. Muassasada 3 nafar shifokor va 13 nafar o'rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. To'rtta tibbiy brigada tashkil etilgan. 

Vazir mazkur oilaviy shifokor punktini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta'minlash, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolarning oldini olish, patronaj xizmati faoliyatini takomillashtirish kabi masalalar yuzasidan mas'ullarga tegishli topshiriqlar berdi. 

 Shuningdek, A.Inoyatov aholi vakillari bilan muloqotda ularning taklif va murojaatlarini tinglab, amaliy yordam ko'rsatadigan bo'ldi.

Eslatib o'tamiz, kelgusi yilda yurtimiz bo'yicha 100 dan ziyod ana shunday oilaviy shifokorlik punktlarini barpo etish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.