Yosh oʻtishi bilan insonning qariy boshlashi tabiiy biologik jarayondir. Insondagi yosh bilan bogʻliq oʻzgarishlar jismoniy faollikni cheklaydi, tashqi koʻrinishda qarilik belgilari namoyon boʻla boradi va baʼzi imkoniyatlarning cheklanishiga sabab boʻladi. Keksalik inson yoshining soʻnggi bosqichi boʻlib, qariy boshlash jarayoni bilan kechadi. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda, insonning keksalik davri 75 yoshdan soʻng boshlanishi qayd etilgan boʻlsa-da, shayxur rais Ibn Sino keksalikning chegarasini 59 yoshdan deb baholagan.

Insonning qarish surʼati va individual xosligi, har bitta odamda nasliy omillar va atrof-muhitning taʼsiri bilan chambarchas. Bu jarayon, shartli ravishda, oʻz vaqtida, yaʼni jismoniy va vaqtidan oldin qariy boshlash turlariga boʻlinadi.

Jismoniy qarish holatida, inson eng nuroniy yoshigacha ham amaliy sogʻlomligini saqlay oladi, u oʻzini eplaydi tashqi yordamga ortiqcha ehtiyoj sezmaydi, atrof-muhitga boʻlgan qiziqishini va ijtimoiy faoliyatini soʻndirmaydi. Vaqtidan oldin qarish jarayoni esa, keksalik belgilarining erta namoyon boʻla borishi bilan belgilanadi. Organizmning biron sabab bilan toʻsatdan kuchli zoʻriqishi, tartibli jarayonning buzilishi, salbiy odatlar, masalan ichkilikbozlik, kashandalik kabi sabablar qarish jarayonini sezilarli tezlatadi.

Irsiy omillar ham bu jarayonda juda katta ahamiyatga ega. Ajdodlari uzoq umr koʻrgan insonlarda ham, nuroniy yoshli keksalar boʻlish imkoniyati saqlanib qoladi. Yoshning sekin-astalik bilan oldinga siljiy boshlashi natijasida, inson organizmidagi qarish jarayoni oʻzining sezilarli oʻzgarishlarini, aʼzolar faoliyatining sustlashib borishida namoyon qiladi. Jismoniy keksayishda, yosh bilan bogʻliq belgilar yurak, qon-tomir va asab tizimidagi oʻzgarishlar bilan kechadi.

Qariyalar va keksaya boshlagan  insonlarning yurak urishi tezligi pastlashib boradi. Katta jismoniy zoʻriqishlar bilan bogʻliq boʻlgan, yurak qisqarishining toʻsatdan tezlashib ketishi, yurak muskullarida qon aylanishining  yetishmasligi natijasidagi ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin.Shu bilan birga chaqaloqlik,bolalik , yoshlik, oʻrta yoshda qanday boʻlganidan qatʼiy nazar 60 yoshdan boshlab mijoz quruqshab, sovib boraveradi, shu boisdan ham keksalar sovuqqa chidamsiz va badanda suv ozayib qurishish hisobiga tana vazni yengillashib terisi bujmaya boradi.

Yosh bilan bogʻliq oʻzgarishlar asab tizimining yomonlashuviga, xotiraning yaqin hodisalarga unutuvchanligiga, ruhiy charchoq va sababsiz xafagarchiliklarning paydo boʻlishiga olib keladi. Ayni damdagi rangdor va yorqin hodisalarga nisbatan befarqlik yuzaga chiqib, “oʻtgan kunlarga qochish” sindromi birinchi planga oʻtib oladi. Ular asosiy vaqtlarini “xotiralar mamlakatida” yashab oʻtqazadilar yoki xayollarini mudom sogʻliklari bilan bogʻliq muammolar, oʻzlaridagi kasalliklar sababli tushkun kayfiyatlar band qilib qoʻyadi.

Ammo baʼzi paytlarda ularda yuqoridagi holatlarning butkul teskarisini ham koʻrish mumkin, yaʼni ular keksalik muammolarini umuman tan olmaydilar, balki oʻz gʻayratlari va harakatchanliklari bilan baʼzi yoshlarga oʻrnak ham boʻla oladilar. Inson organizmining qarish jarayoni va hayotining asosan ikkinchi yarmida avj olishi mumkin boʻlgan surunkali xastaliklar orasida yaqin bogʻliqliklar ham bor.

Keksa yoshli insonlar orasida keng tarqalgan ateroskleroz xastaligi, yurakda qon taʼminotining yetishmasligi, yurak muskullarining siqilishi yoki infarkt-miokardi, bosh miyaning qon bilan qiyin taʼminlanishi va yana boshqa aʼzolarning faoliyati buzilishi bilan bogʻliqdir. Keksa yoshlilarda qon bosimining balandligi ham koʻp kuzatiladi va bu ham ateroskleroz xastaligining darakchisiga oʻxshaydi.

Keksalarda yana koʻp uchraydigan xastaliklar sirasiga, qandli diabet, osteoxandroz, radikulit, boʻgʻimlar bilan bogʻliq kasalliklar ham kiradi. Keksayganda paydo boʻladigan aqliy zaiflik — Alsgeymer kasalligi 60 yoshdan oʻtib har olti nafardan bittasida uchraydi.

Ovqatlanishda moʻtadillikni yoʻlga qoʻyish va semirib ketishdan saqlanish, yuqorida sanab oʻtilgan kasalliklardan har qanday yoshdagi insonlarni, shu jumladan keksalarni ham bir muncha himoya qila oladi.

Keksa yoshdagi insonlarning kimyoviy dori-darmonlar bilan davolanishida, oʻta ehtiyotkorlik va eʼtibor talab qilinadi. Oʻzibilarmonchilik bilan davolanish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak.

Keksa insonlarning koʻpchiligi uyqu meʼyori buzilganidan shikoyat qiladilar. Yosh oʻtishi bilan kechgi uyquga boʻlgan talab ham susayadi va 5—8 soatlik oʻta sergak uyqudan ortigʻiga choʻzilmaydi. Uyqusizlik xastaligini iloji boricha kimyoviy dorilarsiz tartibga solishga harakat qilgan maʼqul.

Harakatlardagi faollikni oshirish, uyqudan oldingi orombaxsh sayr, kechgi ovqatning uyqudan 3—4 soat oldin, achchiq choy va qahfasiz qilish, yotoqxonadagi haroratning 18—20 gradusdan oshmasligi va tushib ketmasligi, uyqu paytida umurtqa pogʻonasining qulay joylashishini taʼminlovchi toʻshak — bular barchasi ayniqsa keksa yoshdagi insonlarning xayrli dam olishlariga yordam beruvchi qoidalardir. Keksa yoshdagi insonlarda uchraydigan yana bir muammo — ichaklarning oʻz vaqtida boʻshalish tartibining buzilishi bilan bogʻliq. Ularda qabziyatni, ovqatlanish meʼyorining buzilishi, yaʼni meva va sabzavotlar, yirik tortilgan un mahsulotlarining yetishmasligi, ovqatlanish rejimining notoʻgʻriligi, achchiq mahsulotlarga tobelik holatlari keltirib chiqaradi. Shuningdek, kamharakatlilik, suyuqlikni yetarli miqdorda ichmaslik, kimyoviy dorilar qabul qilish ham qabziyatga sabab boʻladi.

Insonning turmush tarzi, ish faoliyati, asab tizimi holati, tashqi va ichki hodisalarga boʻlgan munosabati qarish jarayoniga yetarlicha taʼsir oʻtkaza oladi. Mehnat va dam olishni toʻgʻri shakllantirish, toʻgʻri ovqatlanish, faol harakat, insonlar bilan oliyjanob munosabat, organizmda ijobiy jarayonlarning bardavom boʻlishiga yordam bera oladi. Mehnat va harakat uzoq umr garovi ekanligini unutmaslik kerak. Hayotga boʻlgan muhabbatni saqlash, yillar davomida erishilgan yutuqlar, jamoada hurmatli, oilada eʼtiborli boʻlish singari omillar, insonning keksa yoshida  ham navqiron koʻrinishiga sabab boʻladi.

Ertalabki yengil gimnastika mashqlarini bajarish, keksa insonlarda katta ahamiyat kasb etadi. Har bitta organizmning oʻziga xosligiga qarab, gimnastika mashqlari sekin-asta murakkablasha boradi. Uzoq davom etadigan piyoda sayrlar juda foydali. Sayr chogʻida gavdani tik tutib, qadamlarni toʻgʻri tashlab, tekis nafas olishni nazorat qilib turilsa, sayr majburiy emas, balki rohatlanib bajarilsa, bu ayni muddaodir.

Toza havodagi jismoniy mehnatlar, bogʻ ishlari, baliq oviga chiqish ham keksalar uchun juda foydali. Issiq kunlarda, quyoshning tikka nurlari tagida uzoq vaqt qolish, zoʻriqishga sabab boʻluvchi jismoniy ishlarni toʻq qoringa birdaniga bajarish mumkin emas. Uzoq masofaga yugurish mashqlari faqatgina, maʼlum tayyorgarlik mashqlaridan soʻnggina tavsiya qilinadi.

Harakat faolligi markaziy asab tizimi faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bolalik chogʻlardan rioya qilingan sogʻlom turmush tarzi, turli xastaliklarning oldini olibgina qolmay, erta qarishni keltirib chiqaruvchi muammolardan ham asraydi. Sogʻlom keksalik va uzoq umrning tamal toshi hayotning ilk bosqichlaridan boshlab qoʻyiladi.

Shuni ham alohida taʼkidlash juda muhimki, insonlarning yoshligi va maftunkorligini saqlashning eng ahamiyatli omillaridan biri bu — ularning qalblari goʻzalligida hamdir! Yosh va goʻzal koʻrinishli insonlar yaxshi niyatli, oliyjanob, toza maqsadlar sari intiluvchan, oʻz hayotini boshqalar baxti uchun bagʻishlay oladigan insonlardir!

Xulosa sifatida shuni aytib oʻtishimiz joizki, irsiyati pokiza, sogʻlom turmush tarziga rioya qiladigan, oʻrinsiz asabiylapshmaydigan, jismoniy, aqliy va ruhiy layoqatni susaytirmaydigan kishilarda salomatlik, yoshlik va goʻzallik uzoq davom etadi.

Alijon Zohidiy,

tabobat fanlari doktori,

Yevropa tabiiy fanlar akademiyasi akademigi

Qutbiddin Nizomov,

Respublika Sogʻliqni Saqlash aʼlochisi,

Mehri Nuroʻzova,

Xalq Tabobati akademiyasi boshqaruv Kengashi raisi, texnika fanlari nomzodi