Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu masalaga yanada chuqur hamda tizimli yondashuv belgilab berildi.
Sport nafaqat jismoniy faollik, balki
millat salomatligi, yoshlar tarbiyasi va mamlakat taraqqiyotining muhim omili
sifatida eʼtirof etildi. Ayniqsa, tibbiyot sohasi nuqtayi nazaridan qaraganda,
sportning ahamiyati beqiyos. Chunki har qanday sogʻlom jamiyat, avvalo, sogʻlom
insonlardan shakllanadi. Zamonaviy tibbiyot amaliyoti kasalliklarni davolashdan
koʻra, oldini olish samarali va maqsadga muvofiqligini koʻrsatmoqda. Bu esa bevosita
jismoniy faollik va sogʻlom turmush tarzi bilan bogʻliq. Shu maʼnoda,
yigʻilishda ilgari surilgan “sport orqali profilaktika” tamoyili tibbiyot
tizimi uchun ham dolzarb vazifalarni belgilab berdi.
Endi
eʼtibor faqat koʻrsatkichlarga emas, balki aholi salomatligi yaxshilanishiga
qaratilmoqda. Qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, semirish kabi
muammolarning oldini olishda ommaviy sport hal qiluvchi omil ekani alohida
taʼkidlandi.
Andijon
davlat tibbiyot institutida ham mazkur yondashuv asosida qator aniq
chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Biz uchun sport shunchaki darsdan tashqari
mashgʻulot emas, balki boʻlajak shifokorning hayot tarzi, kasbiy madaniyati va
shaxsiy namunasidir. Chunki shifokor, avvalo, oʻzi sogʻlom turmush kechirmasa,
boshqalarga bu boradagi targʻiboti ham samarali boʻlmaydi.
Institutimizda
har bir talabaning jismoniy holatini muntazam monitoring qilish, individual
sogʻlomlashtirish dasturlarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu esa kelgusida profilaktik tibbiyotni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yana
bir muhim jihat, yoshlar va yurtdoshlarimizni sport orqali ijtimoiy faollikka
jalb etishdir. Shu maqsadda viloyatimizning chekka hududlarida oʻtkazilayotgan
tibbiy koʻriklarda aholiga sportning salomatlikdagi ahamiyati, u bilan muntazam
shugʻullanib borish zarurligi haqida tushuntirish berilmoqda. Bu jarayonda,
ayniqsa, talabalarimizning faolligi alohida eʼtirofga munosib. Ushbu
saʼy-harakatlar aholi salomatligini yaxshilash barobarida talabalarda
masʼuliyat, rahbarlik va insonparvarlik fazilatlarini shakllantiradi.
Viloyatimizdagi
davlat oliy taʼlim muassasalari rahbarlarining “Andijon talabalar ligasi”ni
tashkil etishga doir memorandumni imzolagani ham ushbu saʼy-harakatlarning
amaliy ifodasidir. Bu tashabbus orqali talabalar oʻrtasida sport musobaqalarini
tizimli oʻtkazish, iqtidorli yoshlarni saralash va qoʻllab-quvvatlash
imkoniyati yanada kengayadi.
Bugun
sportni alohida sohadagi faoliyat emas, balki tibbiyot, taʼlim va jamiyat
hayoti bilan uzviy bogʻliq kompleks tizim sifatida qabul qilish vaqti keldi.
Chunki sogʻlom millat kuchli davlat demakdir.
Andijon
davlat tibbiyot instituti jamoasi bu vazifalarni chuqur anglagan holda, nafaqat
malakali mutaxassislar, balki jismonan baquvvat, maʼnan yetuk va sogʻlom
turmush tarziga sodiq avlodni tarbiyalashni oʻz oldiga asosiy maqsad qilib
qoʻygan.
Madamin MADAZIMOV,
Andijon davlat tibbiyot
instituti rektori, professor
Hamkorlik materiali