Mamlakatimizda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini takomillashtirish, silga qarshi kurashish sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning muhim yo‘nalishi etib belgilangan. Bugungi kunda silga qarshi kurash ishlarini tashkil etishda tibbiy-profilaktika, diagnostika va davolashning zamonaviy usullari yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimizning o‘tgan yili 18 martdagi sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda tuberkulyoz va o‘pka nospesifik kasalliklarining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida kuni kecha davlatimiz rahbarining “2023-2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Avvalo, ftiziatriya va pulmonologiya sohasida e’tiborga molik ishlar qilinayotganini ta’kidlash kerak. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2019 yil 13 fevraldagi “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsa tish tizimini takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohada katta o‘zgarishlarga zamin hozirladi. Masalan, har bitta viloyatdagi viloyat silga qarshi kurash dispanseri ftiziatriya hamda pulmonologiya markaziga aylantirildi hamda pulmonologik xastalikka chalinganlarni qamrab olishga erishildi. Tuberkulyoz kasalligining zamonaviy laborator diagnostikasi tuman, shahar, hududlararo, viloyat va markaziy laboratoriyalardan iborat 5 darajali tizim shaklida tashkil etilib, 2 soatda tashxis qo‘yish imkonini beruvchi jami 136 ta, shundan 40 ta PSR (G-Xpert) diagnostik jihozlar birlamchi davolash muassasalariga tatbiq qilindi.
2020 yili koronavirus pandemiyasi boshlanganidan keyin imkoniyatimiz birmuncha cheklandi. Chunki viloyatlardagi aksariyat ftiziatriya-pulmonologiya markazlari COVID markazlariga aylantirildi. Bemorlardan shikoyatlar bo‘lsa-da, karantin sharoiti tufayli tashxislash imkoni topilmadi. Pandemiya susaygach, JSST tomonidan koronavirusdan keyingi sil, pulmonologik kasalliklarga chalinish ko‘rsatkichi oshgani va xastaliklarning kechishi ancha murakkablashgani tasdiqlandi. Bu esa sohada yangi chora-tadbirlar ishlab chiqish zaruratini yuzaga keltirdi. Prezidentimizning “2023-2026 yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan ftiziatriya va pulmonologiya kasalliklarini profilaktika qilish, tashxislash, davolash borasida qator imkoniyatlar yaratilmoqda.
O‘pka patologiyasining klinikoldi belgilarini erta aniqlash uchun yillik tibbiy ko‘rik doirasida skrining dasturlari ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish belgilandi. Jumladan, latent tuberkulyoz infeksiyasiga skrining tekshiruvlari soni 1 milliontagacha oshiriladi. 2023 yildan boshlab har yili uch yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalar skrining tekshiruvidan o‘tkaziladi. Tekshiruvlar natijasida latent tuberkulyoz infeksiyasi aniqlansa, unga chalinganlarni davolash qamrovi 21 ming nafargacha oshiriladi. Ya’ni 21 ming bemorga dori bilan kimyoviy profilaktika qilish imkoni yaratiladi. Bu, o‘z navbatida, organizmda umuman tuberkulyoz tayoqchalari qolmasligi, faol shaklga o‘tmasdan kasallikka barham berishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu yil 1 martga qadar tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tomonidan birlamchi tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholi orasidan tuberkulyoz bilan kasallanishga moyilligi bo‘lgan xavf guruhiga mansub shaxslar ro‘yxati tuziladi. Bunday guruhga kiruvchi o‘smirlar va kattalar rentgenologik, bolalar esa immunologik tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Qarorda ko‘rsatilgan eng katta vazifalarimizdan biri ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya tizimlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida transformasiya va modernizasiya qilishdir. Shu paytgacha ftiziatriya tizimida vertikal usul amal qilgan. Ya’ni bu boradagi ma’lumotlar tumandan markazgacha uzatiladi. Biz ma’lumotlarni tahlil etgan holda kelgusi ishlarimizni rejalashtirib olamiz. Nechta dori-darmon, laboratoriya uskunasi zarurligini oldindan prognoz qilib sotib olish, shtatlar me’yorini ishlab chiqishga imkoniyat yaratiladi. Ammo pulmonologiya bo‘yicha bunday usul hali ishlab chiqilmagan. Mana endi 163 ta ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi negizidagi ftiziatr va pulmonolog shtatlari asosida ftiziopulmonologiya bo‘limlari va kunduzgi stasionarlar ochyapmiz. Pulmonologik kasalligi bor yoki koronavirus asoratidan keyingi salbiy holatlar kuzatilsa, biroq bemorning shifoxonada yotishga imkoniyati bo‘lmasa, uyining oldidagi ko‘p tarmoqli kunduzgi stasionarda muolaja olib, davolanishi mumkin. Shuningdek, stasionarga keladigan bemorlarni saralab, muolajaga zarurati borlarnigina yotqizish mumkin bo‘ladi. Bu shifokorlarga davolash usullarini kengroq tatbiq etish imkonini ham beradi.
Qarorda ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar huzurida “Astma va surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklari maktabi”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Xo‘sh, buning ahamiyati nimada? Bu maktablarda kasallikdan qanday davolanish, kasallik zo‘rayishining oldini olish choralari o‘rgatib boriladi. Avvalo, pulmonologik kasallikka chalinganlarning xastalikka nisbatan shaxsiy munosabatini shakllantirish zarur. Bemorning oila a’zolari ham bu bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim. Bu ularning hayoti sifatini yaxshilashga yordam beradi. Viloyatlardagi ftiziatriya va pulmonologiya markazlarida yil oxirigacha hududdagi epidemiologik vaziyat va ehtiyojdan kelib chiqib reja tayyorlayapmiz.
Asta-sekin ftiziatrik o‘rinlarni pulmonologik va tashxislash o‘rinlariga aylantiramiz. Bularning barchasi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholiga qulaylik yaratish, salomatlik atalmish ne’matning bardavomligini ta’minlash maqsadida qilinadi. Bemorga tuman darajasida tashxis qo‘yish imkoni bo‘lmasa, viloyat ftiziatriya-pulmonologiya markaziga murojaat qilishi mumkin. Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidagi bosh pulmonolog shtatini viloyat ftiziatriya-pulmonologiya markaziga o‘tkazyapmiz. Chunki bu markazlarning salohiyatini yanada oshirishimiz kerak. Bemorlarda tuberkulyoz tayoqchalari topilsa, ftiziatriya bo‘limiga, pulmonologik kasalliklar aniqlansa, pulmonologiyaga, tashxislash qiyin bo‘lsa, tashxislash bo‘limiga yo‘naltiriladi.
Germaniya taraqqiyot bankining grant mablag‘lari hisobiga markaz va uning hududiy markazlariga jami 47 turdagi zamonaviy diagnostik va davolash tibbiyot uskunalari yetkazib berilishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad yurtdoshlarimiz uchun ixtisoslashgan malakali yordamni faqat Toshkentda emas, balki o‘zi yashayotgan hudud, shahar va tumanlarda ham olish imkonini yaratishdir. Aholi uchun yana bir qulaylik shuki, yuqori texnologik amaliyot kerak bo‘lsa, bemorlar Toshkentga kelib sarson bo‘lmay, o‘z hududida malakali tibbiy yordam oladi.
Mamlakatimiz bo‘yicha yuqori texnologik, infeksiyani ikki soatda aniqlab beradigan 136 ta G-Xpert zamonaviy tibbiy apparati o‘rnatilgan. Bu bir qator tuman va shaharlarda kasalliklarni erta aniqlash, tashxis qo‘yish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, olis va chekka, tog‘li, ekologik jihatdan noqulay hududlarda yashovchi aholiga bepul tibbiy ko‘rik doirasida skrining tadbirlari o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. “O‘pka salomatligi” mobil brigadasi doirasida har bir viloyat hokimligi bilan birgalikda “Isuzu” mikroavtobusi olinadi. Unga to‘rt turdagi tibbiy uskuna o‘rnatiladi. Xalqaro grantlar doirasida ultraportativ rentgen apparati olganmiz. Zamonaviy va salbiy ta’siri bo‘lmagan ixcham rentgent apparatini har bir xonadonga — to‘shakda yotgan bemorning oldigacha olib borish imkoniyati bor. “O‘pka salomatligi” mobil brigadasida zamonaviy rentgen uskunasidan tashqari G-Xpert, EKG apparati va mobil spirometr bo‘ladi. Bu qulayliklar olis hududlardagi yurtdoshlarimiz uchun yaratilmoqda. Bundan har bir vatandoshimiz samarali foydalanishi mumkin.
Shu paytgacha mamlakatimizda beshta tumanlararo laboratoriya faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2023-2024 yillarda Andijon, Jizzax, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlaridagi ftiziatriya va pulmonologiya markazlarida zamonaviy bakterologiya laboratoriyasi barpo etiladi. Shuningdek, 8 ta viloyat va respublika muassasalarida kapital ta’mirlash yoki qurilish ishlari olib boriladi. Markaz tarkibida Milliy referens laboratoriya tashkil qilinadi. Markazning va homiylik mablag‘lari hisobidan mahalliy hamda chet ellik mikrobiologik laboratoriya mutaxassislari uchun ilmiy-amaliy trening markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unda eng zamonaviy uskunalar o‘rnatiladi.
Mamlakatimizda tuberkulyoz kasalligini davolashga ulkan hissa qo‘shgan akademik Shokir Alimov ilmiy maktabi tashkil etilmoqda. Unda sohadagi eng dolzarb muammolar bo‘yicha ham ilmiy izlanish, ham o‘qitish va yoshlarni tayyorlash bo‘yicha katta ishlarni bajarishni maqsad qilib qo‘ydik. Bir nechta hududiy markazimizda amaliyotda ishlayotgan shifokorlar va o‘rta tibbiy xodimlar uchun amaliy maktablar ochiladi.
Tuberkulyoz va o‘pka nospesifik kasalliklari bo‘yicha epidemik vaziyatni muntazam tahlil qilish, monitoringini olib borish, kasalliklarning tarqalish tendensiyalarini prognozlash, takliflarni shakllantirish hamda bemorlarning milliy elektron reyestrini yuritish ko‘zda tutilgan. Biz ikki yildan beri JSST bilan birga bu platforma ustida ishladik. Sog‘liqni saqlash vazirligi muassisligidagi “IT-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan birga mahalliy sharoitga moslashtirdik. Yaqin kunlarda tuman, viloyat, respublika bo‘yicha barcha bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mazkur reyestrga kiritiladi. Ayni paytda bemorlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar elektron shaklda saqlanmoqda. Hademay bu ma’lumotlar bitta bazaga yaxlit joylanadi. Bu ham ilmiy izlanish, ham strategik tomondan kelgusida amalga oshirishimiz zarur bo‘lgan ishlarni rejalashtirish imkonini beradi. Ko‘rilayotgan barcha chora-tadbirlar ko‘plab yurtdoshlarimiz hayotini saqlab qolish, pulmonologik kasalliklar epidemiyasini imkon qadar tezroq bartaraf qilishda katta ahamiyat kasb etadi.
Nargiza PARPIYEVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya
ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori