Fargʻona viloyati Fargʻona tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari imkoniyati orqali mazkur tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan, qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan 10 gektar yer maydonini namanganlik tadbirkorga kelgusida sayyohlik maskani tashkil etishi uchun ajratib berishni vaʼda qilgan.
Evaziga u 95 ming AQSH dollari, shuningdek yer maydoni toifasini oʻzgartirib berish uchun yana 6 ming AQSH dollari, jami 101 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida Yangi Namangan tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda bosh inspektor oldindan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda.