Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi

    Mamlakatimizda 15 Sentabr 2021 600

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tegishli qonunni imzoladi.

    Hujjatga koʻra:

    1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi shahar va tumanlarining “oʻsish nuqtalari” belgilanganligi munosabati bilan quyidagilar yer, mol-mulk soliqlari, aylanmadan olinadigan soliq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining qatʼiy belgilangan summalarini toʻlashdan ozod qilinadi:

    Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan belgilanadigan, Qoraqalpogʻiston har bir shahar va tumanlarining oʻziga xos “oʻsish nuqtasi” deb aniqlangan faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlari – 2024-yil 1-yanvarga qadar;

    Taxtakoʻpir, Boʻzatov va Shumanay tumanlarida joylashgan yangidan tashkil etiladigan sanoat yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlari – 2024-yil 1-yanvarga qadar;

    Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan aniqlanadigan, sharoiti ogʻir boʻlgan 45 ta mahalla va ovullarda yangidan tashkil etiladigan xizmat koʻrsatish yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlari – 2026-yil 1-yanvarga qadar.

    2. Fargʻona viloyati boʻyicha.

    Oʻzbekiston Respublikasining boshqa davlatlar hududida joylashgan eksklavlari uchun alohida soliq stavkalari belgilanmoqda (Soʻx tumani, Rishton tumanining Choʻngʻara mahallasi, shuningdek Fargʻona tumanining Shohimardon, Yordon mahallalari va Hosilot mahallasining Toshtepa – 2 koʻchasi):

    foyda soligʻi (15%), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (12%), ijtimoiy soliq (byudjet tashkilotlaridan tashqari) (12%) va aylanmadan olinadigan soliq (4%) boʻyicha 1 foiz miqdorida soliq stavkasi belgilanmoqda;

    qatʼiy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi amalda har oyda toʻlanadigan 25 ming soʻm oʻrniga, har chorakda 25 ming soʻm miqdorida toʻlanadi;

    yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi amalda har oyda toʻlangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (oyiga 245 ming soʻm) oʻrniga, yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida (oyiga 20 ming soʻm) toʻlanishi belgilanmoqda.

    3. Turizm va sport sohasi boʻyicha.

    2021-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davr uchun turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi subyektlar foyda soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirib hisoblagan holda toʻlashi, ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada (1 foiz) toʻlashi, yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini toʻlashdan ozod qilinadi;

    soliq toʻlovchining prezident yoki hukumat qarorlari bilan belgilanadigan dasturlarda ishtiroki natijasida olingan bonuslar, mukofotlar koʻrinishidagi pul toʻlovlari tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi va boshqalar.