Qonun bilan soliq maslahati sohasini tartibga solish vakolati jamoatchilik tashkiloti boʻlgan Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston Soliq maslahatchilari palatasi soliq maslahati sohasida faoliyatni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boʻyicha funksiyalarni bajaradigan, soliq maslahatchilari, soliq maslahatchilari tashkilotlarining ixtiyoriy aʼzoligi asosida tashkil etiladigan kasbiy birlashmasi hisoblanishi belgilangan.

Shu munosabat bilan Moliya vazirligining soliq maslahatchisining malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini tugatish, soliq maslahatchilarining kasbiy darajasini rivojlantirish kabi asosiy funksiyalari Soliq maslahatchilari palatasiga oʻtkazilyapti.

Qonunda yillik tovar aylanmasi oxirgi 3 yil mobaynida 1 milliard soʻmgacha boʻlgan soliq toʻlovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliq maslahatchilar tomonidan soliqlar boʻyicha berilgan xulosalari soliq organlari tomonidan tan olinishi koʻzda tutilgan.

Soliq maslahatchisi advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlari, buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa yuridik shaxslarning shtatida, shuningdek, davlat organlarida asosiy ish joyi boʻyicha ishlaydigan soliq maslahatchilariga malaka sertifikatining amal qilishi tugatilmasligi koʻrsatilgan.

Qonun bilan soliq maslahati xizmati turlari kengaytirilyapti va soliq maslahatchilariga bir qator huquqlar berilyapti. Jumladan, soliq maslahatiga oid xulosani sudlarda va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda soliqqa oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni koʻrib chiqish chogʻida asos sifatida taqdim etish huquqi berilyapti.

Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq maslahati boʻyicha xizmatlar bilan bir qatorda eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish boʻyicha konsalting xizmatlari, investitsiya loyihalarini tahlil qilish, ekspertizadan oʻtkazish va monitoring qilish kabi xizmatlarni koʻrsatishi mumkin.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.