Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarning shaxsiy hisobvaraqlari ma’lumotlarini soliq boshqarmalaridan hududiy soliq inspeksiyalariga o‘tkazish jarayonida yuzaga kelgan texnik nosozlik tufayli ayrim soliq to‘lovchilarning bank hisobvaraqlariga takroriy inkasso topshiriqnomalari yuborilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, soliq organlari tomonidan takroran yuborilgan inkasso topshiriqnomalarini ijrosiz qaytarish, shuningdek, ayrim holatlarda yechib olingan mablag‘larni bugungi kun yakuniga qadar soliq to‘lovchilarning hisobraqamlariga qaytarish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mablag‘lar avtomatik tarzda qaytariladi va buning uchun soliq to‘lovchilardan qo‘shimcha murojaat qilish talab etilmaydi.

Shu bilan birga, tijorat banklarida hali ijro etilmagan inkasso topshiriqnomalarini ham qaytarib olish ta’minlanishi bildirildi.

Soliq qo‘mitasi yuzaga kelgan noqulayliklar uchun soliq to‘lovchilardan uzr so‘radi.