Soliq qoʻmitasi axborot xizmati xabariga koʻra, mazkur roʻyxat tadbirkorlarga oʻz kontragentlarining ishonchliligini tekshirish imkonini beradi. U muntazam ravishda yangilanib boriladi va Soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytida joylashtirilgan.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, joriy yilning oʻzida 902 ta tadbirkorlik subyekti faoliyatida shubhali holatlar va naqdlashtirish amaliyotlari aniqlangan. Bu holatlar davlat byudjetining barqarorligi hamda qonuniy biznes muhitining rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi qayd etilgan.

Soliq qoʻmitasi tadbirkorlarga kontragentlar bilan hamkorlik qilishda ehtiyotkorlikni kuchaytirishni tavsiya etmoqda.

Soliq kodeksiga muvofiq, agar kontragent norasmiy iqtisodiy faoliyat yuritgan deb topilsa, soliq organlari ayrim operatsiyalarni inobatga olmaslik yoki soliq majburiyatlarini qayta hisoblashga haqlidir. Bunday holatlarda hamkorlikni davom ettirish soliq toʻlashdan boʻyin tovlash sifatida baholanishi mumkin.

Soliq qoʻmitasi ishonchli biznes muhitini yaratish va korrupsiya hamda “soyali iqtisodiyot”ga qarshi kurashish doirasida tadbirkorlarni qonun doirasida faoliyat yuritishga chaqirdi.