Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Fraksiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdilar.
Qonun loyihasi Soliq kodeksining 44 ta moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi 8 ta moddadan iborat. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Qonunlariga hamda Iqtisodiy protsessual kodeksi va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Xususan, 2024-yil 1-apreldan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi “zanjiri”ni taʼminlash hamda soliq maʼmurchiligida yuzaga kelgan ayrim muammolarni bartaraf qilish maqsadida dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiy va veterinariya xizmatlari uchun nazarda tutilgan soliq imtiyozlari bekor qilinmoqda. 2024-yil 1-apreldan boshlab aholi uchun ichimlik suv taʼminoti, kanalizatsiya, sanitariya tozalash, issiqlik taʼminoti boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻining nol darajali stavkasini bekor qilish koʻzda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan aksiz soligʻi stavkalari indeksatsiya qilinayotgan boʻlib, 2024-yil 1-yanvardan filtrlangan va filtrsiz sigaretalar hamda boshqa tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 12 foiz, 2024-yil 1-iyuldan respublikada ishlab chiqarilgan alkogolli mahsulotlar uchun 5 foizga oshirilmoqda.
Tarkibida shakar yoki boshqa shirinlantiruvchi va (yoki) xushboʻylashtiruvchi moddalar qoʻshimchalari boʻlgan mineral va gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 soʻm, shuningdek, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga 1 litr uchun 2 000 soʻm miqdorida aksiz soligʻi joriy etilmoqda. Ushbu soliq turi boʻyicha tushumlar toʻliq holda Tibbiyotni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Bunday soliq turi 50 dan ortiq davlatlarda (Fransiya, Vengriya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Ozarbayjon) joriy qilingani qayd eti. Jismoniy shaxslarning mol-mulk soligʻi, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar uchun yer soligʻining bazaviy stavkalari, shuningdek, kon-kimyo xom ashyosi va noruda qurilish materiallari uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 12 foizga indeksatsiya qilinmoqda.
Shuningdek, yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi sement ishlab chiqarishga moʻljallangan ohaktoshning 1 tonnasi uchun qariyb 4 baravarga pasaytirilib, 6 000 soʻm miqdorida (amalda 22500 soʻm) belgilanmoqda. Shundan kelib chiqib, koʻmirdan foydalanuvchi zavodlar uchun soliq stavkasini 50 foizga kamaytirish tartibi bekor qilinmoqda.
Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilar ekan, xususan, aksiz soligʻi stavkalaridan tushadigan mablagʻlar tibbiyotni rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltirilishini maʼqulladi. Shuningdek, ichimlik suvi va boshqa kommunal xizmatlar uchun koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻining nol darajali stavkasini bekor qilish ham maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi. Bu fuqarolarning suvga, tabiatga boʻlgan ehtiyotkorona munosabati, masʼuliyati oshishiga koʻmaklashadi. Ayrim moddalar yuzasidan bahs-munozara, savol-javoblardan soʻng qonun loyihasi qoʻllab-quvvatlandi.
Yigʻilishda, shuningdek, Soliq kodeksining 378-moddasiga professional va oliy taʼlim olishni yanada ragʻbatlantirishga qaratilgan oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi masalasi ham qizgʻin muhokama qilindi. Unga koʻra, ota-onalarga farzandlarining yoshidan qati nazar ularning taʼlim olishi uchun yoʻnaltirgan mablagʻlari qismiga soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyati yaratilmoqda. Deputatlar qonun loyihasini bir ovozdan maʼqullagan holda, turmush oʻrtoqlarga nisbatan ham bu imkoniyatni yaratish masalasini oʻylab koʻrish boʻyicha qoʻshimcha taklif berildi.