Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi kengaytirilgan yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, zargarlik sanoatini yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishda hosil boʻladigan parchalarni va chiqindilarni, qimmatbaho metallarning oʻlchov plastinalari va granulalari, kimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Loyiha bilan uch yildan ortiq faoliyat koʻrsatayotgan hamda hisoblangan soliqlarni muddatida toʻlab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga koʻra soliq qarzini toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmayotgan tadbirkorlik subyektlariga soliqlarni boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilyapti. Bu qulayliklar uch yildan ortiq tovarlarni import qilish bilan shugʻullanayotgan, bojxona toʻlovlari boʻyicha majburiyatlarini bajarib kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga koʻra toʻlovlarni belgilangan muddatda toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ham tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi, aholi daromadalarining koʻpayishiga, tadbirkorlik subyektlarining yana-da rivojlanishiga xizmat qiladi.