Shu munosabat bilan joriy yilning 16-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat soliq qoʻmitasiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari sohani raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish va tadbirkorlarga koʻmak berish zarurligini alohida taʼkidladi.

Soliq toʻlovchilarga teng raqobat sharoitlarini yaratish, shuningdek ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi hamda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi rahbar xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh har bir hududiy soliq inspeksiyalari xodimlari bilan uchrashib, yurtboshimiz tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berishdi. Shuningdek har bir hududagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasida matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda boshqarma boshligʻi Y. Nasimdjanov joriy yilning birinchi choragi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Davlat soliq boshqarmasi hamda hududiy inspeksiya rahbarlari ishtirokida tumanlarda jami 28 marotaba tadbirkorlar bilan bevosita ochiq muloqotlar tashkil etilib, qariyb 3 400 ta tadbirkorlik subektlariga soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Toshkent shahrida jami 122 521 yuridik shaxslar faoliyat yuritadi. Shundan, joriy yil boshidan buyon 13 678 ta korxona faoliyati oʻrganilib, “Soliqchi koʻmakchi” tamoyili asosida aniqlangan 6 743 ta muammoli vaziyatlar soliqchilar koʻmagida hal etildi.

Bundan tashqari tadbirkorlik subektlarida norasmiy tarzda faoliyat yurituvchi 13 155 nafar fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi va buning natijasida davlat byudjetiga 5.8 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ yoʻnaltirildi.

Shuningdek, bugungi kunga kelib mamlakatimizda aholi va biznes uchun qulayliklar koʻlamini yanada oshirish, soliq munosabatlarida inson omilini kamaytiish maqsadida soliq maʼmuriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda. Xususan, 2020-yilda yangi qabul qilingan Soliq kodeksiga asosan, soliq turlari 13 turdan 9 taga qisqardi. Mol mulk soligʻi esa 5 foizdan 1,5 foizga tushdi, Qoʻshilgan Qiymat Soligʻi (QQS) 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi. Buning natijasida tadbirkorlik subektlari soni koʻpayib, Qoʻshilgan Qiymat Soligʻi (QQS) toʻlovchilar soni 1 700 dan 33 000 taga yetdi.

Qoʻllovchi qoʻl boʻlsa, qoʻl qovushtirib oʻtirmaymiz

Nafaqat tizimdagi islohotlar balki aholining hayotdan rozi boʻlib yashashlarini taʼminlash maqsadida ham islohotlar surʼati yanada oshdi. Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident farmoniga asosan soliq tizimi xodimlari aholiga sayyor davlat xizmatlari koʻrsatish bilan birga ularning muammo va kamchiliklarini oʻrganib, muammolarini bartaraf etishmoqda.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻi tomonidan tumanlarda ommaviy sayyor qabullar oʻtkazildi.

Bugungi kungacha barcha tumanlar kesimida 49-marta sayyor qabul oʻtkazilib, aholidan jami 352 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 207 tasi bartaraf etilgan boʻlsa muddat talab etadiganlari yuzasidan chora tadbirlar ishlab chiqilmoqda.

Fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot davomida uy-joy uchun subsidiya, tadbirkorlikni boshlash kredit olish, tibbiy va moddiy yordam koʻrsatish, gaz quvurlarini oʻtkazish, kadastr, noqonuniy qurilish, aliment toʼlovlarini undirish, mahalliy ichki yoʻllarni taʼmirlash va shu kabi qator muhim masalalar koʻrib chiqildi.

-“Qoʻllovchi qoʻl boʻlsa, qoʻl qovushtirib oʻtirmaymiz”, deydi tikuvchilik bilan shugʻullanuvchi fuqaro Sadullayev Farxod. Ushbu fuqaro tadbirkorlikni rivojlantish va yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida tikuv mashinasi soʻrab murojaat qilgan edi. Murojaatni bartaraf etish va biznes imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bu fuqaroga 10 ta tikuv mashinasi olib berildi.

Bu kabi uchrashuvlar orqali aholining yillar davomida yigʻilib qolgan muammo va masalalariga barham berilmoqda. Oʻzining ijobiy natijalari bilan jamiyatdagi muammolarning bartaraf etilishida muhim ahamiyat kasb etayotgan sayyor qabullar muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻi tadbirkorlar va aholiga murojaat etar ekan, davlat soliq xizmati organlari soliq sohasiga oid barcha savollarga javob berish, bilmaganlarini oʻrgatish va ulaning mavjud muammolarini hal etish borasida “Soliqchi koʻmakchi” tamoyili asosida yaqindan yordam berishga doimo tayyor ekanligini taʼkidladi.

Shoxrux Kuchkarov

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi