Pandemiya sabab chet davlatga borib ishlash ortga surildi. Uyda bekor oʻtirish ham yaramadi. Shu bois tuman 4-sektor tashabbusi bilan oilaviy biznesga qoʻl urdik. Non pechi sotib olib, uyda non pishirishni yoʻlga qoʻydik. Endi bizning oilada xorijda ishlash degan gapga oʻrin qolmadi. Kunlik chiqimlarimizni qoplash bilan birga oz-moz ortyapti ham. Qoʻshnilar, mahalladoshlar, qoʻyingki, butun qishloq aholisiga yopgan nonlarimiz manzur boʻlmoqda. Biz bundan juda xursandmiz. Soliq idoralari xodimlari kelib, bizga oʻzini oʻzi band qilish borasida tushuncha berishgandi. Taklif bizga, toʻgʻrisi, xoʻb maʼqul keldi. Oʻsha kunning oʻzida turmush oʻrtogʻim ham, oʻzim ham oʻzini oʻzi band qiladiganlar roʻyxatiga kiritildik, yaʼni yillik toʻlovlarni toʻlab borish evaziga mehnat stajiga ega boʻlmoqdamiz. Bu esa kelajakda pensiya taʼminotiga biz ham ega boʻlamiz, degani. Endi oilamiz bir joyda jam boʻlib, mehr-oqibatimizni oshirib mehnat qilyapmiz. Buning ham gashti oʻzgacha. Davlatimiz tomonidan koʻrsatilgan mana shunday eʼtibordan mamnunmiz. Kelajakda boshqa imkoniyatlardan ham foydalanib, ishlarimizni yana-da kengaytiramiz. Shunaqa, tuzukkina nonvoyga aylandik, pishirgan nonimizdan tatib koʻrgani, albatta, siz ham moʻjaz ishxonamizga keling!

Endi bozorda oʻz mahsulotimni erkin sota olaman
- Hech qachon oʻz hunarim orqasidan nafaqaga chiqishim mumkinligini oʻylamaganman, - deydi Pop markazidan ancha olisda yashovchi chorkesarlik Hayitbuvi Qurbonova. - Mana, bir necha yillardan buyon paypoq va roʻmol toʻqib sotamiz. Atrofimga farzandlarim va yaqinlarimni ham jalb etganman. Qoʻy va echki yungidan tayyorlanayotgan bu mahsulotlar yaxshigina mehnattalab esa-da, ishimizdan qoniqamiz. Sababi oilaning asosiy daromadi ana shu hunarim ortidan keladi. Tuman davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi Jamshid Boʻtayev ayollar bilan yuzma-yuz suhbatlashib, oʻzini oʻzi band qilish orqali pensiya taʼminotiga ega boʻlishi haqida gapirganlarida judayam sevinib ketdim.
Yaʼni qarorda belgilanganidek, roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar endi oʻz mahsulotlarini bozorda bemalol sotishlari, faoliyatlarini erkin olib borishlari mumkin ekan. Asosiysi, biz daromad soligʻidan ozod boʻlarkanmiz. Shu kuniyoq mahallamizga biriktirilgan soliq xodimini chaqirib, qizim va oʻzimni roʻyxatdan oʻtkazib qoʻydim. Jarayonlar esa qoʻl telefonidagi mobil ilova orqali amalga oshirilgani sababli ortiqcha vaqt ham ketmadi. Ha, endi biz kelajakda pensiya taʼminotiga egamiz.
Orifjon JOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.