Soʻnggi olti oy ichida 552,5 mlrd soʻmlik elektr energiyasi va gaz oʻgʻirlandi — Energetika vazirligi

    Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari Navoiy, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida boshqa hududlarga nisbatan koʻproq aniqlangan.

    Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2024-yil 1-yanvardan 15-iyungacha oʻtkazilgan 40,8 mingta nazorat tadbirlari chogʻida jami 38,8 mingta noqonuniy holatlar aniqlandi.

    Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxoʻjayev maʼlum qildi.

    Maʼlum qilinishicha, mazkur noqonuniy holatlarning 13,5 mingtasi tabiiy gazdan, 25,3 mingtasi esa elektr energetikasidan qonunga xilof ravishda foydalanish bilan bogʻliqdir.

    Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari Navoiy, Sirdaryo hamda Toshkent viloyatlarida boshqa hududlarga nisbatan koʻproq aniqlangan.

    Mamlakatimizda ayrim huquqbuzarlar tomonidan hisobot davrida 255 milliard 200 million soʻmlik tabiiy gaz hamda 297 milliard 300 million soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga jami 552 milliard 500 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

    Ularga nisbatan 220,1 milliard soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganlik holatlari boʻyicha 236 ta va 139,5 milliard soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik holatlari boʻyicha 479 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

    Misol uchun, Fargʻona viloyatining Rishton tumanida faoliyat yurituvchi MCHJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasida oʻrnatilgan kompressor agregatlari tijorat maqsadida elektr tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, 3 milliard 600 million soʻmlik elektr energiyasi talon-toroj qilingan.

    Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi fermer xoʻjaligi esa oʻziga qarashli binoda yashirin yoʻllar bilan qoʻshimcha tarmoq tortib, tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelgan. Uning bu jinoiy qilmishi oqibatida davlat manfaatlariga 3 milliard 374 million soʻmlik zarar yetkazilgan.

    Toshkent viloyatining Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro oʻz xonadonining yertoʻlasida mayning qurilmalarini hisoblagichdan tashqari yashirin yoʻl bilan elektr tarmogʻiga ulab, hisobga olinmagan 3 milliard soʻmlik elektr energiyasini isrof qilgan.

    Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha 17,2 mingta maʼmuriy hamda 715 ta jinoiy ish rasmiylashtirilib, aybdorlar tegishli tartibda jazoga tortildilar.