Bunday pallalarda tibbiyot brigadasining chaqiruv manziliga adashmay va kechikmay borishi, oʻz navbatida, bemorlarning tibbiy koʻrsatmaga muvofiq shifoxonaga zudlik bilan yetkazilishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Bugun tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirishda ana shu jihatlar alohida eʼtiborda. Natijada sohada tezkorlik va samaradorlik oshmoqda. Buni 2023-yilning ilk choragidagi murojaatlar sonidan ham bilish mumkin.
— Oʻtgan uch oyida “Tez yordam”ga mamlakatimiz boʻyicha jami 3 million 90 ming 479 ta chaqiriq kelib tushdi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Bemorlardan 276 ming 566 nafari shifoxonalarga gospitalizatsiya qilindi.
Eng koʻp murojaatlar:
— Fargʻona viloyatida — 359 795 ta,
— Andijon viloyatida — 315 941 ta,
— Toshkent shahrida — 307 994 ta,
— Toshkent viloyatida — 294 037 ta,
— Namangan viloyatida — 283 665 ta qayd etilgan.
Maʼlumot uchun, 2022-yil davomida tez tibbiy yordam xizmatiga jami 13 million 22 ming 162 ta chaqiriq kelib tushgan edi.