Ijtimoiy tarmoqda ushbu jarayonda ishtirok etgan kimyo fani oʻqituvchisi tomonidan test savollarida masalalar koʻpligi va bu jarayonda kalkulyatordan foydalanishga ruxsat berish yoki nazariy savollarni koʻpaytirish taklifi bildirilgan.

Mazkur masala yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Pedagog kadrlar uchun malaka (test) sinov jarayonlari soha boʻyicha yuqori tajribaga ega boʻlgan metodistlar va ekspertlar bilan kelishilgan holda tashkil etiladi. Bunda test topshiriqlarining formati (fan mazmuni tarkibi, nazariy va amaliy savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt meʼyorlari) hamda baholash mezonlari ishlab chiqilgan boʻlib, nazorat materiallari testologiya bilan bevosita aloqador ekspertlar ishtirokida yaratiladi hamda aprobatsiyadan oʻtkaziladi.

Bevosita raqamlarga toʻxtalsak, 2018-yilda kimyo fanidan malaka toifaga daʼvogar jami pedagoglarning 19,7 foizi oʻz toifalarini oshirgan. Bunda talabgorlar oʻrtacha 45,4 ball toʻplagan. Bu koʻrsatkich 2019-yilda 30,4 foizni, oʻrtacha toʻplangan ballar esa 52 ballni tashkil etgan. Oʻtgan yilgi jarayonlarda, ijobiy natijani qayd etgan 44 foiz oʻqituvchi oʻrtacha 57 ball toʻplashga muvaffaq boʻlgan.

Yuqoridagi koʻrsatkichlardan koʻrinib turibdiki kimyo fanidan soʻnggi yillarda tushayotgan savollar oʻz ustida tinimsiz ishlayotgan pedagoglarga oʻz maqsadlariga erishishlari uchun toʻsqinlik qilmaydi.

Shuningdek, soʻnggi yillarda koʻplab pedagoglarning murojaatlarini inobatga olgan holda sinov jarayonlarida Mendeleyev davriy jadvalidan foydalanishga ham imkoniyatlar yaratilgan.

Oʻz navbatida joriy yilda ham kimyo fani boʻyicha malaka (test) sinovlaridagi masalalar va nazariy savollar soni mutanosibligi taʼminlanishini maʼlum qilamiz.

Eslatib oʻtamiz, pedagog kadrlar attestatsiyasi oʻqituvchilar orasidan munosiblarini saralab olish va ularning kasbiy salohiyati, pedagogik mahorati hamda amaliy koʻnikmaciga qarab moddiy ragʻbatlantirish, oʻzaro sogʻlom raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi.