So'rovnoma: moldovaliklarning yarmidan ko'pi mamlakatning NATOga a'zo bo'lishiga qarshi

    Moldova aholisining 55 foizi respublikaning Shimoliy Atlantika alyansiga kirishiga qarshi ekanini bildirdi.

    Buni Moldovaning Date Inteligente (iData) ma'lumotlar yig'ish va tahlil qilish kompaniyasi tomonidan o'tkazilgan ijtimoiy so'rovnoma natijalari ko'rsatdi.

    Moldova aholisidan mamlakatning NATOga kirishini qo'llab-quvvatlaysizmi yoki yo'qmi degan savolga javob berish so'raldi.

    So'rovnoma 2-dekabrdan 15-dekabrga qadar o'tkazilib, 387 ta aholi punktlaridan 997 nafar fuqaro ishtirok etdi.

    Avvalroq Moldova Prezidenti Mayya Sandu Politico nashriga bergan intervyusida mamlakat yirik harbiy ittifoqqa qo'shilish uchun betaraflikdan voz kechishi kerakligini aytgan edi. Gazetaning qayd etishicha, Sandu NATOni alohida tilga olmagan, biroq avvalroq aholi Shimoliy Atlantika alyansi bilan yaqinlashishni yoqlasa, neytral maqom haqidagi konstitutsiyaviy band qayta ko'rib chiqilishi mumkinligini bir necha bor ta'kidlagan. Muxolifat, jumladan, sotsialistlar, kommunistlar va “Shor” partiyasi mamlakatning NATOga kirishiga qarshi. Moldova Konstitutsiyasiga ko'ra, respublika neytral maqomga ega, biroq 1994-yildan buyon mamlakat NATO bilan individual sheriklik rejasi asosida hamkorlik qilib kelmoqda, deb xabar beradi ria.ru.