Sovuq ob-havo sharoitida qiynalayotgan fuqarolarga yordam koʻrsatildi

    Bugungi kundagi sovuq ob-havo sharoitida Xorazm viloyatidagi barcha mahallalarda viloyat, shahar va tumanlardagi sektor rahbarlari, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari uyma-uy yurib, aholi xolidan xabar olmoqda.

    Mahallalarda saxovat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Xususan, Yangibozor tuman hokimligi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi hamkorligida Jayxun va Iftixor mahallalarida 100 kilogramm osh damlanib mahalla aholisiga tarqatildi.

    90 dan ortiq ehtiyojmand oilalarning 300 nafarga yaqin aʼzolariga bepul kiyim-kechaklar olib berildi. 130 ga yaqin xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

    — Oilamizning barcha aʼzolariga issiq kiyim-kechaklar berildi, — deydi Jayxun mahallasida yashovchi Ilxom Xoʻjayev. — Bundan juda xursand boʻldik. Bugungi sovuq kunlarda mahallamizda issiq ovqat ham tarqatilyapti. Koʻmir va suyultirilgan gaz ham vaqtida yetkazib berilyapti. Mahallamizda fuqarolarga yaratilayotgan sharoitlardan juda mamnunmiz.

    Bu kabi saxovat tadbirlari viloyatimizning barcha mahallalarida davom etmoqda, deb xabar beradi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat boʻlimi matbuot xizmati.