Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shaxsiy xavfsizlik boʻlimi hamda Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan Chiroqchi tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktorining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, oʻzini Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tezkor xodimi “Akmal” deb tanishtirgan shaxs maktab direktori Z.R.dan maktabda tekshirish oʻtkazmaslik evaziga 400 AQSH dollari pora talab qilib, shundan 2,2 mln soʻmni turmush oʻrtogʻining plastik kartasiga oʻtkazib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, oʻzini “Departament” xodimi deb tanishtirgan fuqaro aslida hech qayerda ishlamaydigan, muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan Koson tumanida yashovchi A.T. ekanligi maʼlum boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Hurmatli fuqarolar, agarda Sizga va yaqinlaringizga oʻzini Departament yoki biron bir huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi deb tanishtirib, turli yoʻllar bilan tamagirlik qilib, pul yoki boshqa moddiy qimmatliklar talab qilsa, bu haqda zudlik bilan Departament shaxsiy xavfsizlik boʻlimining 71-202-86-67 (ichki raqam 8088 yoki 8086) raqamli “Ishonch telefoni”ga maʼlum qilishingizni soʻraymiz.
Murojaatchilar va ularning yaqin qarindoshlari haqidagi maʼlumotlarning sir saqlanishi toʻliq kafolatlanadi.