Joriy yilning 5-mart kunisoat 15:30lar atrofida Guliston shahrida joylashgan 8-sonli maktabga Milliy gvardiya kiyimida notanish shaxs kirib keladi.
Yangi tizimda xizmat olib borayotgan qorovul xodimi shubhalangancha uni kirish joyida toʻxtatadi. Nomaʼlum shaxs esa soxta guvohnamasini koʻrsatib, maktabga kirishi kerakligini aytadi. Maktab maʼmuriyati ham ushbu shaxsni muqaddam uchratmagani va u maktabga biriktirilmagani haqida maʼlumot berishgan.
Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ushbu shaxs ogohlantirilib, undan qalbaki guvohnomani topshirilishi soʻralganda, u xodimlarga qoʻpol munosabatda boʻlib, xatosini tan olmay qarshilik koʻrsatadi.
Shunday boʻlsada, uning bu kabi nojoʻya harakatlarining salbiy oqibatlari qayta tushuntirilgan holda tinchlantirilgan.
Olib borilgan tekshiruvlar davomida ushbu shaxs, Guliston shahrida joylashgan 16-sonli maktabning 11-sinf oʻquvchisi U.X. ekani maʼlum boʻldi.
Hozirda fuqaro U.X. dan Milliy gvardiya xizmat kiyimi va soxta guvohnomasi olib qoʻyilib, uning nima maqsadda forma kiyib maktabga kirmoqchi boʻlgani va buning asl sabablarini aniqlash yuzasidan Guliston shahar prokuraturasi surishtiruv ishlarini olib borildi.