Maʼlumki, zamonaviy tibbiyot ilmiy asoslangan va klinik amaliyotda oʻz tasdigʻini topgan natijalarga, xalq tabobati esa uzoq yillik kuzatuv, sinov va tajriba natijalariga tayanadi. Ilohiy shifoning asosini esa ishonch va eʼtiqod tashkil etadi.

Inson ruhiyati orqali davolashni maqsad qilgan yana bir toifa tabiblar borki, hamma vaqt ham ularning usullarini quvvatlab boʻlmaydi.

Jumladan, gipnoz va ekstrasenslik qobiliyatlaridan foydalanish orqali, biotok va energetika maydonlari hamda turli diniy udumlarni qoʻllash yordamida davolashga urinish ana shular jumlasidandir.

Kasalliklarni turli noodatiy yoʻllar bilan davolashga daʼvogarlik qilayotgan firibgarlarni hayotimizda koʻp uchratamiz. Bu borada ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin mulohazalar boʻlganligini koʻpchilik eslaydi ham.

Shu oʻrinda aholining ishonch va eʼtiqodidan foydalanib, sohta tabiblik faoliyati bilan shugʻullanayotgan ayrim kimsalarning aldoviga uchrab qolishdan ogoh etmoqchimiz.

Noodatiy yoʻllar bilan davolashni taklif qilayotgan ayrim soxta tabiblar taʼsiriga tushib qolishdan ehtiyot boʻling.

Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 29-dekabrda 3111 raqam bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan “Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyat koʻrsatish tartibi va hajmlari toʻgʻrisida”gi nizomda ham okkultizm-afsun, shuningdek diniy marosimlar orqali kasalliklarni davolash xalq tabobati hisoblanmasligi koʻrsatib oʻtilgan.

Shu boisdan yurtdoshlarimizdan muqaddas dinimiz nomidan foydalanib, soxta obroʻ orttirishga urinayotgan tovlamachilardan ehtiyot boʻlishlarini va oʻz sogʻliklarini xavf ostiga qoʻymasliklarini soʻrab qolamiz.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.