Bitimning asosiy maqsadi – soxta tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlar qoʻyilgan tovarlarni ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, shuningdek, bunday tovarlarni MDH mamlakatlari davlat chegaralari orqali olib oʻtishning oldini olish, aniqlash va bunga chek qoʻyish masalalari boʻyicha hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.

Mazkur Bitim doirasida tomonlar masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, vakolatli organlar tomonidan aniqlangan soxta tovar va geografik koʻrsatkichlar qoʻyilgan tovarlarni ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish holatlari yuzasidan muntazam ravishda axborot almashishi, shuningdek, intellektual mulk sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda sanoat mulki sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi eʼtirof etildi.

Shuningdek, vakolatli davlat organlariga eksport bojxona rejimi orqali geografik koʻrsatkichlarni bojxonada nazorat qilish vaqtida ularni huquqiy muhofaza qilish hamda himoya qilish sohasida qoʻshimcha vazifa va funksiyalar yuklanishi taʼkidlandi.

Senatorlar qayd etganidek, Bitimning muhim qoidalaridan biri Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlmagan davlatlar intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari boʻyicha JST Bitim tamoyillari va normalariga amal qilishga intilish hisoblanadi.

Bitimning qabul qilinishi MDH ishtirokchi-davlatlarining tegishli organlari saʼy-harakatlarini birlashtirish, isteʼmolchilar huquqlari va intellektual mulk huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.