Soxta ziyoratchi aeroportda 200 million soʻmlik dorini yashirincha olib kirmoqchi boʻldi

    “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari Toshkent xalqaro aeroportida yirik miqdordagi dori vositalarini yashirincha olib kirishga boʻlgan navbatdagi urinishni fosh qilishdi.

    Dehlidan kelgan yoʻlovchilardan biri aeroportning uchib kelish zalida Umra safaridan qaytgan ziyoratchilarni koʻrib, qingʻir reja tuzdi. U bojxona nazoratidan oʻtmay qutulaman, deb oʻylab, aeroport hojatxonasida kiyimini almashtirdi va oʻzini ziyoratchi sifatida koʻrsatishga urindi.

    Biroq xodimlar uning harakatlaridan shubhalanib, bagajini tekshiruvdan oʻtkazdi. Natijada, qiymati 205 million soʻmga yaqin boʻlgan 1 798 dona turli xil dori vositalari yashirin holda olib kirilmoqchi boʻlgani aniqlandi.

    Eng qizigʻi, u oʻzini ziyoratchi sifatida koʻrsatib, nazoratdan oʻtib ketaman, deb oʻylagan, ammo bojxona xodimlari uning qingʻir rejasini fosh qilishdi.

    Hozirda holat yuzasidan tegishli bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.