Soʻz va amal birligi yoshlar uchun oliy ibrat maktabidir

    Prezidentimizning AQSHga amaliy tashrifini yil tashrifi, deyish mumkin. Bu tashrif manzili aynan AQSH boʻlgani uchun emas, balki 38 million nufusli oʻzbekistonliklar uchun katta manfaat olib keladigan voqealarga boy boʻlgani uchun.

    Qanday manfaat, bizga qanaqa foydali jihatlari bor, deysizmi?

    Birinchidan, davlatimiz rahbari 22-sentyabr kuni Nyu-York shahrida nufuzli delegatsiyalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va AQSHning yirik kompaniyalari yetakchilari bilan 20 ga yaqin uchrashuv oʻtkazdi. Tasavvur qilyapsizmi: bir kechaning oʻzida 20 ga yaqin muloqot! Vaqt va jismoniy imkoniyat nuqtayi nazaridan ilojsizdek koʻringan ushbu uchrashuvlarning har birida, albatta, hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni koʻpaytirishga doir muhim kelishuvlarga erishildi. Bu – yangi korxonalar, daromadli va muqim yangi ish oʻrinlari, sizu biz uchun yangi imkoniyat, degani.

    Ikkinchidan, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasida yangi Oʻzbekistonning soʻzi va amali birligini butun dunyoga koʻrsatdi. Yaʼni davlatimiz rahbari bundan 8-yil oldin oʻsha yuksak minbarda Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qatʼiy qaror qilinganini eʼlon qilgan edi. Oʻsha paytda mintaqamizdagi vaziyatdan kelib chiqib kimdir bunga ishondi yoki ishonmadi, bunisi bizga qorongʻi, lekin bu ishning amalga oshishiga shubha bilan qaraganlar koʻp edi, nazarimda.

    Ha, mantiqan ham bu ish juda qiyin edi. Lekin Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodasi, oqilona tashqi siyosati evaziga koʻzlangan maqsadga erishildi. Davlatimiz rahbari BMT yuksak minbarida turib taʼkidlaganidek, “...biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi”.

    Buning totli mevasi, imkoniyatlaridan mintaqamizning millionlab aholisi, oʻzbekistonliklar ham bahramand boʻlyapti, albatta.

    Bu yerda masalaning yana bir muhim jihati ham bor: Prezidentimiz BMT minbarida turib, xalqaro jamoatchilikka bir muammoni hal qilamiz, dedi va oradan 8-yil oʻtib, oʻsha yuksak minbarda masala hal boʻlganini aytdi. Bu soʻz va amal birligidir.

    Bugungi oʻzaro ishonch inqirozi kuzatilayotgan bir paytda yangi Oʻzbekistonning bu kabi soʻzi va amali birligi butun dunyoga oʻziga xos signal boʻladi: yangi Oʻzbekiston ishonchli doʻst, hamkor. Oʻz navbatida, bu oʻzaro hamkorlik, investitsiya kabi milliy taraqqiyotimiz bilan bogʻliq masalalarda ustuvorlik beradi.

    Ayniqsa, davlatimiz rahbarining nutqi biz, yoshlar uchun katta ilhom manbai boʻldi. Dunyo miqyosidagi murakkab geosiyosiy vaziyatda Oʻzbekistonning tinchlik, hamjihatlik va adolatga asoslangan tashqi siyosatga sodiqligi bizni juda-juda faxrlantirdi.

    Nutqda qayd etilganidek, hozir xalqaro institutlarning oʻrni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda.

    Shu bilan birga, mamlakatimizdagi islohotlar, xususan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, gender tenglik va ijtimoiy farovonlik sohalaridagi yutuqlar biz, yoshlarni yanada faol va masʼuliyatli boʻlishga undaydi. Zero, ustuvor maqsadimiz mamlakatimizda yashayotgan har bir oila, har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirish ekan, bunga barchamiz birdek masʼulmiz.

    Yangi Oʻzbekistonning yosh fuqarosi sifatida yurtimizdagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlaymiz va ularda faol ishtirok etishga tayyormiz. Prezidentimizning endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning ovozini eshitishga majbur, degan talabi bizga yanada ishonch bagʻishlaydi.

    Prezidentimiz nufuzli anjumanda BMT Xavfsizlik kengashini transformatsiya qilish va tarkibini kengaytirish zarurligini bildirdi. Rivojlanayotgan davlatlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ushbu tashabbus biz, yoshlar uchun yanada adolatli va teng huquqli dunyo qurishga xizmat qiladi.

    Bizni eng xursand qiladigan jihati, BMT yuksak minbarida yurtimizdagi islohotlar samarasi eʼtirofi baralla yangradi. Mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirilgani, taʼlim va ilm-fan sohasi zamon talablariga mos oʻzgartirilayotgani, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalari barpo etilayotgani, “yashil” energetika va transport infratuzilmasi modernizatsiya qilinayotgani, kichik biznes jadal rivojlanayotgani va natijada millionlab yangi ish oʻrni ochilayotgani dunyo ahlini qanchalar hayratlantirgan boʻlsa, oʻzbekistonlik yoshlar qalbini shuncha faxr-iftixorga toʻldirdi.

    Ayniqsa, mamlakatimizda maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani, oliy taʼlim bilan qamrov esa 9 foizdan 42 foizga yetgani, albatta, har qancha faxrlanishimizga arziydi. Tarixan juda qisqa muddat – 7-8-yilda erishilgan bu natija dunyo taʼlim tizimi uchun ham namunali koʻrsatkichdir. Shu maʼnoda, pedagoglarning oʻzaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platforma yaratish maqsadida Oʻzbekistonda Butunjahon professional taʼlim sammitini oʻtkazish taklif etilgani juda oʻrinli boʻldi.

    Umuman olganda, Prezidentimizning ushbu nutqi biz, yoshlarga katta ishonch, kelajakda yanada yuksak marralarga erishish uchun kuch-quvvat beradi.

    Shohrux QOʻCHQOROV,

    “Turonbank” ATB boshqaruvi raisining matbuot kotibi