Kecha musobaqadagi soʻnggi vakillarimiz ham oʻz ishtirokini yakunlashdi. Tokio Olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov bu safar oʻz vaznini 12 kilogrammga koʻtarib, -86 kg vazn toifasidagi ilk xalqaro musobaqasida qatnashdi va yakunda bronza medalini qoʻlga kiritdi. Abdurahmonov bronza medali uchun kechgan bellashuvda Fransiya sharafini himoya qilayotgan asli kavkazlik Axmed Aybuyevni qiyinchilik bilan magʻlub etdi. Aniqrogʻi, ushbu bellashuv 4-4 hisobi bilan yakunlandi, ammo soʻnggi ochkoni aynan vakilimiz qoʻlga kiritganligi bois gʻalaba Abduraxmonovga berildi.
Tokio Olimpiadasi ishtirokchisi Gʻulomjon Abdullayev ham oʻzi uchun yangi vaznda ilk xalqaro musobaqasidayoq kumush medal sohibiga aylandi. U murosasiz oʻtgan final bahsida Tokio Olimpiya oʻyinlarining kumush medali sovrindori, hindistonlik Ravi Kumarga bir ochko farqi bilan imkoniyatni boy berdi – 10:11.
Oʻzi uchun yangi 65 kg vaznda imkoniyatini sinab koʻrgan yana bir isteʼdodli erkin kurashchimiz, oʻsmirlar Olimpiadasi gʻolibi Umidjon Jalolov esa moʻgʻulistonlik Tulga Tumur Ochirni 5:4 hisobida yengib, Istanbul reyting turnirining bronza medaliga sazovor boʻldi.
Shu tariqa, erkin kurash boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi Turkiyadagi yilning dastlabki reyting turnirini bitta kumush va ikkita bronza medali bilan yakunladi.
Eslatib oʻtamiz, musobaqaning dastlabki kunida yunon-rum kurashchilarimiz 3ta oltin va bitta bronza medalini qoʻlga kiritishgan edi.