Nizomga koʻra, sport maktabida oʻquvchi-sportchilar kontingenti, ularning vazn toifalarini hisobga olgan holda, 60 nafardan iborat hamda taʼlim olish muddati oʻquvchi-sportchi Oʻzbekiston terma jamoasining asosiy (yoki zaxira) tarkibida boʻlgan davr mobaynida davom etadi. 

Sport maktabiga 18 yosh va undan katta sportchilar qabul qilinadi.

Oʻquvchi-sportchilarni sifatli tanlab olishni taʼminlash maqsadida sport maktabida qabul oʻrinlari boʻshagan kundan 1 oy muddatda tanlov va uni oʻtkazish shartlari toʻgʻrisida eʼlon beriladi.

Nomzodlarga quyidagi minimal talablar qoʻyiladi: 

  • sport ustaligiga nomzoddan past boʻlmagan sport toifasining mavjudligi;
  • kurashning tegishli yosh guruhlari va uslublari boʻyicha sportchilar oʻrtasida Oʻzbekiston, Osiyo va jahon chempionatlarida egallangan sovrinli oʻrinlar (1–3-oʻrin) mavjudligi.

Sport maktabiga oʻqishga kirishda nomzodlar 100 balli tizim boʻyicha baholanadi, shundan 30 ball umumiy jismoniy tayyorgarlikka va 70 ball maxsus jismoniy tayyorgarlikka ajratiladi.