Kecha yunon-rum kurashi boʻyicha 23 yoshgacha boʻlgan polvonlar oʻrtasidagi bahslarning birinchi kuni boʻlib oʻtdi. Quvonarlisi, ushbu kun doirasida ishtirok etgan 4 nafar kurashchimizning bari medallarga ega chiqdi.
Xususan, Shermuhammad Sharibjonov (-60 kg) va Abror Ataboyev (-66 kg) barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, oltin medallarga sazovor boʻldi. Afsuski, Jahongir Hamroyev (-72 kg) hamda Dilshod Omongeldiyev (-77 kg) hal qiluvchi bellashuvda imkoniyatni boy berib qoʻydi va kumush medal bilan musobaqani yakunladi.
Shu tariqa yunon-rum kurashchilarimiz birinchi kungi bellashuvlarni 2 ta oltin va 2 ta kumush medali bilan tugatishdi. Bugun qolgan vazn toifalarida medallar uchun bellashuvlar davom ettiriladi.