Kecha musobaqaning navbatdagi kuni ayollar oʻrtasidagi bellashuvlar oʻtkazilib, bugun final blokida medallar uchun gilamga chiqadigan juftliklar nomi maʼlum boʻldi.

Quvonarlisi, ular orasida hamyurtimiz Svetlana Oknazarova ham bor. 72 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan kurashchi-qizimiz ilk davrada polshalik Patrisiya Sperkani 7-0 hisobida yengdi. Afsuski, chorak finalda qozogʻistonlik raqibasiga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Jamila Bakbergenova finalga yoʻl olgani bois, Oknazarova bronza medali uchun kurashish huquqini qoʻlga kiritdi. Uning raqibasi ruminiyalik Aleksandra Anxel boʻladi.

Yana bir kurashchimiz Layloxon Sobirova ham 1/4 finalga yetib keldi. Faqat uni ushbu bosqichda taslim etgan moʻgʻulistonlik Davaachimeg Yerxembayar finalga chiqa olmadi. Natijada 57 kilogramm vazndagi Sobirova jahon chempionatini 1/4 finalda yakunladi.

Eslatib oʻtamiz, u ilk bosqichda meksikalik Alma Eskotoni taslim etgan edi.