Birgina sport sohasini olaylik. Yil boshidan buyon Prezidentimiz jismoniy tarbiya va sport sohasi, sog'lom turmush tarzini rivojlantirishga doir 2 ta farmon, 5 ta qaror imzoladi, ikki marta videoselektor yig'ilishi o'tkazdi, Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Joylarga tashriflari chog'ida ham xalqimizni ommaviy sportga jalb qilish masalasi doimiy e'tiborda turdi.

2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi 67-maqsadida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug'ullanadigan fuqarolar sonini oshirish ko'zda tutilgan. Bularning bari jam bo'lib, mamlakatda sog'lom taraqqiyotga katta siyosat darajasida e'tibor qaratilayotganini anglatadi.

Prezidentimiz raisligida shu yil 23-may kuni sportni ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash chora-tadbirlari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishi esa, tizimdagi kamchiliklarni ro'y-rost ko'rsatib, yangi islohotlar davrini boshlab berishi bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ta'bir joiz bo'lsa, mazkur yig'ilishda belgilab berilgan vazifalar Prezidentimizning joriy yil 11-apreldagi “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori mazmun-mohiyati bilan g'oyat uyg'un va mazkur hujjat bilan amalga oshirilish zarur bo'lgan chora-tadbirlarni mantiqan to'ldiruvchi ahamiyat kasb etadi.

Masalan, qarorda uch va besh bosqichli musobaqalar o'tkazish ko'zda tutilgan bo'lsa, yig'ilishda har bir mahallada aprel`-iyun` va sentyabr`-dekabr` oylarida musobaqalar o'tkazish va ularda yaxshi natija ko'rsatgan yoshlarni elektron ro'yxatga kiritish vazifasi qo'yildi.  

Prezidentimizning sportni ommalashtirish borasida bildirgan tanqidiy fikrlari va jonkuyarligidan shunday xulosaga keldikki, har birimiz o'zimizni qiynab, sohaga yangicha yondashuvlarni joriy qilishimiz kerak.

Haqiqatdan ham, hozirgi sport ta'limi bundan 30 yil oldingi dasturlar asosida qotib qolgan. Zamonaviy ilmiy yondashuvlar kerak. Busiz ko'zlangan maqsadga erishib bo'lmaydi. Shunday ekan, soha olimlari, professor-o'qituvchilar sport ta'limiga yangi havo olib kirishi nihoyatda zarur. Biz hozir shu maqsadlar yo'lida aniq rejalar tuzishga kirishganmiz. Tez kunlarda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda “Yo'l xaritasi” ishlab chiqiladi. Ilmiy izlanishlar samaradorligini kuchaytirishga kirishiladi.

Yig'ilishdagi e'tiborli yana bir jihat shundaki, endi sportchini ham, uning murabbiyini ham rag'batlantirish tizimi joriy etiladi. Bu barcha uchun birdek manfaatli tizim bo'lishiga shubha yo'q. Chunki, endi mahalladagi musobaqalarda yaxshi natija ko'rsatgan sportchi-yoshlar maxsus elektron ro'yxatga kiritiladi, ular hududdagi sport maktabida bepul shug'ullanib, kutilgan natija ko'rsatgan sportchilarning murabbiylari ham munosib rag'batlantirib boriladi.

Sport bo'yicha yaxshi natija ko'rsatgan mahallalar ham yanada obod bo'ladi. Gap shundaki, bunday mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi. Yil yakunigacha 508 ta mahallada ko'p fukntsiyali sport maydonchalari quriladi. Mana ko'ryapsizmi, sportning hayotiy epkini endi mahallalarga, har bir xonadonga kirib boradi.

Yana bir yangilik shundaki, endilikda umumrespublika sport musobaqalari “tuman – viloyat – respublika” zanjiri asosida tashkil etiladi. Bunda asosiy e'tibor quyidagilarga qaratiladi:

- birlamchi saralash bosqichidan o'tmagan sportchilar viloyat va respublika bosqichida ishtirok etmaydi;

- milliy terma jamoalarga barcha bosqich musobaqalarida ishtirok etib g'olib yoki sovrindor bo'lgan yoshlar saralab olinadi;

- har yili mahalla va muassasalar jamoalari ishtirokida ko'p bosqichli Hokim kubogi tashkil qilinadi.

- xalqaro tajriba va standartlar asosida sport turlari bo'yicha milliy chempionatlar o'tkazish tartibi ishlab chiqiladi.

Prezidentimiz, shuningdek, yoshlarni Olimpiya o'yinlariga tayyorlash bo'yicha ham yangi tizimga asos solish bo'yicha aniq topshiriqlar berdi.

Endilikda yoshlarni professional sportga qamrab olish yoshida ham o'zgarishlar bo'ladi. Masalan, sport yo'nalishida kollejlar Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sifatida qayta tashkil etiladi. Bu markazlar 5-9 sinflar uchun olimpiya maktabi, 10-11-sinflar hamda 1-2-kurslar uchun Olimpiya va paralimpiya kolleji bo'lib xizmat qiladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi huzurida ilg'or trener va xorijiy ekspertlardan iborat Murabbiylar kengashi tuzilib, musobaqalarda eng yuqori natijaga erishgan yoshlarni kollejlarga saralab oladi. Kollej bitiruvchilari esa kelgusida Oliy sport mahorati institutiga qabul qilinadi. SHu tariqa, professional sportchilar tayyorlashning uzluksiz tizimi yaratiladi.

Bir so'z bilan aytganda, sportni ommalash va iqtidorli sportchilarni kashf qilish, ularni katta sport maydoniga olib chiqish borasida yangi islohotlar davri boshlanmoqda. Bunda mahalladan tortib Olimpiya harakatigacha bo'lgan yo'l tubdan qayta ko'rib chiqiladi, rivojlangan mamlakatlar tajribasi joriy qilinadi.

Azizxon Tillaxo'jaev,

O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti

Sportni boshqarish va turizm fakulteti dekani