“Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori ijrosi doirasida onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish maqsadida 2022-yil 1-yanvardan boshlab:

9–14 yoshdagi oʻsmir qizlar odam papillomasi virusiga qarshi emlanishi;
30–55 yoshdagi ayollar bachadon boʻyni hamda 45–65 yoshdagi ayollar koʻkrak bezi saratoni boʻyicha skriningdan oʻtkazilishi;
barcha tuman va shaharlarda “onko-nazorat” xonalari tashkil etilishi belgilangan edi.

Ushbu qaror ijrosi yuzasidan Sogʻliqni saqlash vazirligida JSST va Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari bilan birgalikda bachadon boʻyni saratoni boʻyicha skrining loyihasini ishga tushirish masalasi muhokama qilindi.

Loyiha doirasida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lian Kuppens va Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi birinchi maslahatchisi Maksim Jerenje Sogʻliqni saqlash vazirligiga bachadon boʻyni saratoni kasalligi skriningi natijasida aniqlangan saratongacha boʻlgan dastlabki oʻzgarishlarni bartaraf etish uchun qoʻllaniladigan termokoagulyator uskunalarini taqdim qildi. Ularni vazir oʻrinbosari Elmira Basitxanova qabul qilib oldi.

— Loyiha pilot tarzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent viloyatida ishga tushirilishi, bu hududlardagi tibbiyot muassasalarida onko-nazorat xonalarini tashkil etish orqali hududdagi reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini himoya qilish koʻzda tutilgan, – deydi E. Basitxanova. — Oʻzbekistonda yiliga 1500 dan ortiq bachadon boʻyni saratoniga chalinish holatlari aniqlanadi. Bachadon boʻyni saratoni uchun skrining dasturi yuqoridagi ikki hududda sinovdan oʻtkazilgach, 2022-yilgi Davlat dasturiga kiritilishi va yurtimizdagi barcha tumanlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.

Ushbu loyihaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent viloyatida jami 56 ming nafar xotin-qizlar qamrab olinishi moʻljallangan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.