Ijtimoiy tarmoqlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi binosi oldida transplantatsiya amaliyoti oʻtkazilgan bir guruh fuqarolarning toʻplangani aks etgan videolavha tarqaldi. Maʼlum boʻlishicha, bemorlar operatsiyadan soʻng muntazam qabul qiladigan dori vositalari yetkazib berilishida uzilishlar boʻlayotgani, borlari ham dorixonlarda qimmat narxda sotilayotgani bois bu masala yuzasidan oʻz eʼtirozlarini bildirgan. Sogʻliqni saqlash vaziri B.Musayev darhol ushbu fuqarolar bilan uchrashib, ularning murojaatlarini tingladi.
Maʼlumki, hozirgi kunda yurtimizda buyrak va jigar koʻchirib oʻtkazilgan 1500 nafardan ortiq bemor roʻyxatda boʻlib, ularga kerakli dori vositalarining oʻz vaqtida yetkazib berilishi qatʼiy nazoratga olingan va yetarli darajada dori zaxiralari shakllantirilgan. Biroq ayrim toifadagi bemorlarga tavsiya etilgan preparatlarning bir qismi xorijdagi nufuzli farmatsevtika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilishi bois bunday preparatlarni yurtimizga olib kelishda vaqtinchalik qiyinchiliklar kuzatilmoqda. Uchrashuv davomida vazir mazkur muammoni zudlik bilan ijobiy hal etish yuzasidan masʼullarga shoshilinch koʻrsatmalar berdi.
Xususan, ushbu masalaga tezkor yechim topish maqsadida vazirlikda maxsus shtab tashkil etilib, uning tarkibiga tegishli mutaxassislar, jumladan, vazirlik bosh nefrologi, nefrologiya markazi shifokorlari, farmakologlar, iqtisodchilar kiritildi. Shtab tomonidan bemorlarga zarur dori vositalarining oʻz vaqtida yetkazib berilishini taʼminlash boʻyicha muddat masalalarini hal etish, dori xaridlari yuzasidan farmatsevtika kompaniyalari bilan muloqot qilish va bu orqali muammolarga samarali yechim topish choralari koʻriladi.
Shuningdek, uchrashuvda bemorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida hududlarda immunologik tahlillarni topshirishga moʻljallangan maxsus laboratoriyalar tashkil etilishi va biokimyoviy analizatorlar oʻrnatilishi masalasi ham ijobiy yechim topishi taʼkidlandi. Bundan tashqari, 1500 nafardan ortiq bemorga qanday dori preparatlari qancha miqdorda zarurligi boʻyicha roʻyxat shakllantirilishi, ularni xarid qilishning qisqa va uzoq muddatli mexanizmi yaratilishi belgilandi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.