Xususan, Fargʻonada boʻlib oʻtayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida viloyatda aorta-koronar shuntlash jarrohlik amaliyotlarining ikkinchi bosqichi boshlandi. Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu bemorlar bilan suhbatlashib, ularning dil soʻzlarini yozib oldi.

Hosiljon Tillaboyev — Quva tumanining Guliston mahallasidan. 62 yoshli bemor 2021-yil dekabr oyida infarktni boshdan oʻtkazgan. Shundan soʻng unda yurakni stentlash operatsiyasi bajarildi. Biroq bu bilan kasallik xavfi chekingani yoʻq. Bemorni yurak sohasidagi ogʻriqlar bezovta qilavergach, qayta tibbiy tekshiruvlardan oʻtdi.

Yakunda shifokorlar unda aorta-koronar shuntlash operatsiyasini bajarish lozim, degan xulosaga kelishdi. Buning uchun Fargʻonaga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan yetakchi kardioxirurg mutaxassislar jalb etildi.

— Ochigʻi, shifokorlar yuragimda murakkab operatsiya oʻtkazilishini aytganida, boshim qotib qoldi, — deydi H.Tillaboyev. — Chunki oilaviy sharoitimiz jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga imkon bermasdi.

Shifoxonadan qoʻngʻiroq qilib, “davlat hisobidan bepul operatsiya qilinasiz”, deyishganida quvonchim ichimga sigʻmadi. Qolaversa, biz uchun poytaxtdan eng malakali shifokorlar kelibdi. Ogʻir darddan butunlay xalos boʻlganimdan, davlatimizning mehr va eʼtiboridan xursandman.

Shuningdek, Fargʻonada boʻlib oʻtayotgan sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida quvasoylik Abdukarim Mamatbekovning yuragida ham aorta-koronar shuntlash operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.

— Oxirgi paytlarda yurak sohamda qattiq sanchiqlar paydo boʻlib, qon bosimim tez-tez koʻtariladigan boʻlib qolgandi, — deydi bemor. — Shu bois bu yil mart oyida Quvasoy shoshilinch tibbiy yordam boʻlimida muolaja oldim. Biroq soʻnggi EKG tekshiruvidan keyin shifokorlar kasalligimni butunlay davolash uchun operatsiya oʻtkazish lozimligini aytishdi.

Bu orada Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan biz kabi ehtiyojmand bemorlarda bepul operatsiyalar amalga oshirilayotganidan xabar topdik. Shukr, davlatimizning eʼtibori, qoʻli yengil shifokorlarning koʻmagi bilan ogʻir darddan xalos boʻldim. Nasib boʻlsa, tez kunda yana yaqinlarim bagʻriga qaytaman.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, Fargʻonada aorta-koronar shuntlash operatsiyalarining ilk bosqichi joriy yil mart oyida boʻlib oʻtgan edi, Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.