Jizzax viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi: Aniqlanishicha, bu chaqaloq viloyatning Doʻstlik tumanida dunyoga kelgan boʻlib, 2022-yil 4-iyun kuni soat 04:00 larda 1994-yilda tugʻilgan fuqaro X. T. tuman markaziy shifoxonasining tugʻuruq boʻlimiga murojaat qilgan. Unga “Homiladorlik 2. Tugʻuruq 2. 35 hafta 4 kun. Homilaning chanogʻi bilan kelishi” tashxisi qoʻyilgan.
Shu kuni soat 06:10 da “Koʻp nuqsonli chaqaloq. Tugʻma ixtioz ogʻir darajasi” tashxisi bilan ogʻirligi 2800 gramm, boʻyi 47 santimetr boʻlgan, muddatiga yetgan oʻgʻil jinsli nogiron chaqaloq dunyoga kelgan. Koʻrsatilgan reanimatsion tibbiy muolajalarga qaramasdan hayotga zid qoʻshma asoratlar bilan tugʻilgan goʻdak shu kuni 08:20 da vafot etgan.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur tugʻilgan koʻp nuqsonli chaqaloqning ota-onasi aka-singilning farzandlari boʻlgan. Ushbu oila ikkala tomonning ham ikkinchi turmushi hisoblanadi. Ularning avvalgi turmushlaridan bir nafardan sogʻlom farzandlari bor. Ayolning mazkur homiladorlik davri normal kechgan.
Maʼlumki, tibbiyotda aksariyat hollarda yaqin qarindoshlar nikohi tufayli bolalar turli irsiy nuqsonlar bilan dunyoga kelishi isbotlangan. Xususan, bunday oilalar tufayli tugʻilajak bolada tugʻma aqliy zaiflik, xromosom kasalliklar, daun sindromi, aqliy va jismoniy oʻsishdagi jiddiy oqsoqlik kabi xavfli xastaliklar kelib chiqishi mumkin.
Shu bois, oila qurishga shaylanayotgan yoshlarga, eng avvalo, tibbiy koʻrikdan oʻtib, soʻngra yangi hayotga qadam qoʻyishlarini, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohdan saqlanishlarini soʻraymiz, deyiladi Sogʻliqni sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati axborotida.