Birgina RSHTYOIMning 53 ta klinik va paraklinik boʻlim hamda tarkibiy boʻlinmalarida bugungi kunda oʻnlab turli yuqori texnologik va murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilyapti.

Jumladan, kattalar va bolalarda qorin boʻshligʻi, koʻkrak qafasidagi barcha shoshilinch kasalliklarda minimal invaziv laparoskopik jarrohlik usullari, yurak xuruji va bosh miya qon aylanishi buzilishlarida dunyoda “oltin standart” sifatida qabul qilingan teri orqali minimal invaziv angiografik usullar keng qoʻllanilyapti.

— Hozir diagnostika va davolash jarayoniga bir qator innovatsion usullar tatbiq qilinyapti, — deydi RSHTYOIM direktori Doniyor Alimov. — Xususan, 2022-yil markaz va uning hududiy filiallarida “bola yoshidagi shikastlanishlar” boʻlimi tashkil etildi. Umurtqalarning nostabil sinishlarini xirurgik davolashning zamonaviy usullari amaliyotga tatbiq etilishi natijasida esa 900 nafardan ziyod bemorning sogʻayish muddati qisqardi.

Yana bir yangilik. Markazimizda bu yildan ilk bor tos suyaklari va qovurgʻalarning koʻplab sinishlarida zamonaviy yuqori texnologik metall konstruksiyalarni qoʻllovchi yangi xirurgik amaliyotlar yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, Oʻzbekistonda ilk bor son suyaklari sinishlari oʻtkir davrida tos-son boʻgʻinini endoprotezlash muolaja usullari amaliyotga tatbiq qilinib, bugungacha 20 nafardan ziyod ogʻir shikastlangan bemorda ushbu murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Natijada ular orasida oʻlim va nogironlik koʻrsatkichlari qisqarishiga erishildi.

Qolaversa, yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda bosh miyaning qon tomir nuqsonlarini diagnostika qilish va xirurgik davolashning eng zamonaviy usullarini qoʻllash orqali insult oqibatida chuqur nogironlikka mahkum boʻlgan 35 nafardan ziyod bemorda noyob operatsiyalar oʻtkazildi.

Ayniqsa, mamlakatimizda ilk bor yurakning koronar arteriyalari va bosh miyaning ekstrakranial qon tomirlarida bir vaqtning oʻzida gibrid va simultant operatsiyalarning bajarilishi koʻplab bemorlar hayotini saqlab qolishga xizmat qilyapti.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.