Biroq ochigʻini aytish kerak, avvallari yurtimizda aynan tibbiyotning mazkur yoʻnalishini malakali shifokor kadrlar bilan taʼminlash masalasi eng ogʻriqli muammolardan biri boʻlib kelgan.

Eʼtiborlisi, keyingi yillarda sohadagi ijobiy oʻzgarishlar tufayli tizimda faoliyat yuritayotgan oliy maʼlumotli mutaxassislar soni keskin ortdi.

— Natijada 2022-yilga kelib, “Tez yordam” xizmatida ishlayotgan jami shifokorlar soni 14 ming 14 nafarga yetdi, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev. — Vaholanki, bu raqam 2020-yilda 12 ming 961 nafarni, 2019-yilda esa 9 ming 518 nafarni tashkil qilgan edi.

Ayni paytda sohadagi ushbu mutaxassislarning 2448 nafari yuqori malaka toifasiga, 2403 nafari 10-20 yillik, 1753 nafari esa 20 yildan ortiq ish tajribasiga ega.

Tizimda eng koʻp shifokor Samarqand viloyati (1803 nafar), Andijon viloyati (1444 nafar), Jizzax viloyati (1424 nafar) hamda Namangan viloyati (1248 nafar)da faoliyat yurityapti.

Shuningdek, hozirda “Tez yordam”da mehnat qilayotgan reanimatolog-shifokorlar soni 686 nafarni tashkil qilmoqda. Bu borada eng yaxshi koʻrsatkich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Samarqand viloyatlari hissasiga toʻgʻri kelib, mazkur hududlarda “103” xizmati 100 foiz reanimatolog-shifokorlar bilan taʼminlangan.

Bundan tashqari, ayni paytda mamlakatimiz tez tibbiy yordam xizmatida ishlayotgan oʻrta tibbiyot xodimlari 28 ming 855 nafarga yetib, ularning 42 foizdan ortigʻini malaka toifasiga, 7210 nafarini 5-10 yillik, 5496 nafarini 10-20 yillik hamda 3959 nafarini 20 yildan ortiq ish tajribasiga ega boʻlgan xodimlar tashkil etmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, 2020-yilda sohadagi oʻrta tibbiyot xodimlari soni 28 ming 485 nafar, 2019-yilda esa 26 ming 989 nafardan iborat edi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.