Yurtimizda 1 million 200 ming nafar 4-5 yoshdagi bolalar poliomiyelitga qarshi emlanadi

    Poliomielit — o'tkir shol kasalligi bo'lib, asab tizimi, ayniqsa, orqa miyani shikastlaydi.

    Asosan 10 yoshgacha boʻlgan bolalarga bu kasallikning yuqish xavfi yuqori hisoblanadi. Kasallikning yagona manbai xastalikning yengil yoki yashirin shakli bilan ogʻrigan bemordir. Shuningdek, poliomelit kasalligi virusi shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilinmaganda, ogʻiz orqali iflos qoʻl, virus bilan zararlangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari, meva va sabzavotlar, baʼzan havo-tomchi yoʻli orqali ham yuqadi.

    Joriy yilning 20-30-sentyabr kunlari 4-5 yoshdagi bolalarni IPV — inaktivlangan poliomiyelit vaksinasi bilan emlash rejalashtirildi. Ushbu jarayonni oʻtkazish uchun 1 million 200 ming doza inaktivlangan poliomiyelit vaksinasi mamlakatimiz boʻylab extiyojga asosan yetkazib berilmoqda.

    Poliomelitga qarshi ommaviy emlash jarayonlari aholini “Kasallik yoyilib ketibdi”, degan asossiz xavotirga solmasligi lozim. Maʼlumot uchun aytib oʻtishimiz kerakki, poliomelit kasalligi yurtimizda oxirgi marta 1995-yilda qayd etilgan. Mamlakatimizda ushbu oʻtkir shol kasalligiga qarshi faol epidemiologik nazorat oʻrnatilgan. Shuning uchun ham bu xastalikning qoʻshni va boshqa xorijiy davlatlardan kirib kelish xavfi bartaraf qilinmoqda. Poliomiyelit kasalligining oldini olishda yagona chora kasallikka qarshi emlash hisoblanadi.

    — Yuqumli kasalliklar chegara nimaligini bilmaydi. Chetdan turli kasalliklarni qoʻzgʻatuvchi viruslar kirib kelishi xavfi har doim mavjud, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vaksinalar va imunoprofilaktika boʻlimi boshligʻi Dilorom Tursunova. — Shuning uchun milliy emlash kalendarimiz boʻyicha bolalarni oʻz vaqtida emlab borish kerak. Bolalarning 2, 3, 4 va 16 oyligida hamda 7 yoshida oilaviy poliklinikalarda ushbu kasallikka qarshi OPV — ogʻiz orqali yuboriladigan poliomiyelit vaksinasi bilan emlash oʻtkaziladi. Hozirda 95-99 foiz bolalar emlash jarayonlariga qamrab olinmoqda.

    Shunisi ahamiyatliki, dunyoning ayrim davlatlarida koronavirusga qarshi emlashdan boshqa vaksinatsiya jarayonlari toʻxtatib turilgan boʻlsa-da, mamlakatimizda boshqa kasalliklarga qarshi emlash jarayonlari ham davom etmoqda.

    20-30-sentyabr oraligʻida poliomiyelitga qarshi emlash tadbirlarini oʻtkazish ham reja asosida amalga oshirilmoqda. OPV — ogʻiz orqali yuboriladigan poliomiyelit vaksinasi bivalent boʻlgani uchun poliomiyelit virusining 3 ta tipiga qarshi qoʻllash mumkin boʻlgan IPV — ineksion poliomiyelit vaksinasi bilan qoʻshimcha ravishda emlash joriy etildi. Hozirda yurtimiz boʻylab 4-5 yoshdagi bolalar poliomiyelitga qarshi emlanadi.

    Emlanishi kerak boʻlgan bolalarning 7 foizi 20-sentyabr kuni IPV vaksinasini oldi. Ota-onalar ushbu emlash jarayonining ahamiyatini toʻgʻri anglashi lozim. Vaksinatsiya — bu kasallikka chalinmaslikning kafolati demakdir.